Dehqon xo‘jaliklarning daromadi gektariga o‘rtacha 55 million so‘mga yetdi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan va lalmi haydalma yerlar, bo‘z yerlar, ko‘p yillik mevali-rezavor dov-daraxtlar, tokzorlar va boshqa daraxtlar bilan band bo‘lgan yerlar, yaylov va pichanzorlar ochiq elektron-auksion savdosi orqali yuridik va jismoniy shaxslarga 30 yil muddatga ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘sh, bu tartibda yer ajratish tizimi qanday ishlaydi, kimlarga yer ajratiladi?
Shu kabi savollarga viloyat Matbuot uyida viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Aliyev va boshqa mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
- Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun tashkil etiladigan ochiq elektron tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etsa ham elektron-auksion savdosida 0,3-1,0 gektargacha yer maydonlari ijaraga asosida beriladi, - deydi U.Aliyev. – Bunda mahalla yettiligining tavsiyasiga asosan ijtimoiy daftarlarga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yer ajratish belgilangan.
2022-2024 yillarda viloyat tumanlarida aholi punktlariga yaqin bo‘lgan paxta va g‘alla ekiladigan 24 ming 491 gektar yer maydoni qisqartirilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun elektron auksion savdo orqali ijara xuquqi asosida 73 ming 602 nafar fuqaroga ajratildi.
Ma’lumot uchun, 24 491 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirilganda o‘rtacha hosildorlik bir gektar paxta maydoniga gektariga 25 sentner, g‘alla maydoniga hosildorlik gektariga 50 sentner olinganda bir gektar paxta maydonidan 19,3 million so‘m, bir gektar g‘alla maydonidan 12,5 million so‘m daromad olinadi. Bugungi kunda ushbu yer maydonlariga sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekin ekilishi hisobiga 1 gektar maydondan o‘rtacha 54 million so‘m daromad olinishi yoki paxta va g‘allaga nisbatan gektariga 3-4 karra yuqori daromad olinishiga erishilmoqda.
2026 yildan xorijdan keltirilgan chigit ekilmaydi
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 18 martdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida “E-urug‘” axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2025 yildan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtiradigan sub’yektlarni tanlab olishning yangi tartibi joriy etildi.
"Urug‘chilikni rivojlantirish markazi" viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Qosimovning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, buning uchun qishloq xo‘jaligi korxonalari yoki fermer xo‘jaliklari “E-urug‘” axborot tizimi orqali elektron shaklda arizani qisqa vaqtda topshirish va o‘zining imkoniyatlarini aniqlash uchun 1 balldan 10 ballgacha shkaladagi reyting ballari bo‘yicha ma’lumotlarni olish kabi qulayliklar yaratilgan.
Masalan, tanlov o‘tkazish bo‘yicha o‘tgan yillarni tahlil qiladigan bo‘lsak, paxta, g‘alla va boshqa ekinlar urug‘chiligida har yili o‘rtacha 600 ga yaqin qishloq xo‘jaligi korxonasi va fermer xo‘jaliklari tanlovda ishtirok etish uchun qog‘ozda 10 ta shakl 2 nusxada to‘ldirilib, kamida 7-8 ta tuman tashkilotidan imzolanar edi. Mazkur qog‘ozbozliklarga o‘rtacha 10-15 kun vaqt ketishini hisobga olsak, fermer xo‘jaligining dala dehqonchilik ishlari 20 kungacha kechikib ketishiga sabab bo‘lardi. Mazkur qarorning qabul qilinishi yuqoridagi qog‘ozbozliklarga, sarsongarchiliklarga barham berdi va paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermerlarga 20 gektardan 100 gektargacha bo‘lgan maydonda urug‘lik yetishtirish uchun ariza topshirish imkoni berildi.
Shuningdek, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi ishtirokchilar elektron tanlovda qatnashish uchun “E-urug‘” axborot tizimida ochilgan hisobvarag‘iga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravariga teng, ya’ni 750 ming so‘m mablag‘ni joylashtirgan holda ariza topshiradi.
Jurnalistlarning Xitoydan chigit keltirilayotganining sabablari haqidagi savolga mas’ullar Xitoy g‘o‘zasi ko‘sak qurtiga chidamli va tolasining uzunligi bilan bog‘lashdi. Maqsad olimlarimiz tomonidan ikkala navni chatishtirib, kasallikka chidamli nav yaratishga qaratilgan. Bu maqsadlar qaysidir darajada o‘zini oqladi va 2026 yildan xorijdan chigit olib kelinmaydi va mahalliylashtirilgan navlar ekiladi.