AQShda eng ko‘p qidirilgan jinoyatchi

Nega odamlar uni qahramon deb bilib, politsiyadan yashirishga harakat qilgan?
AQSh jinoiy dunyosi tarixida ko‘plab ashaddiy gangsterlar bo‘lgan, lekin ularning ba’zilari odamlarda qo‘rquv va nafrat emas, balki samimiy hamdardlikni uyg‘otgan.
Rasmiylar eng ko‘p qidiruvda deb e’lon qilgan jinoyatchi, “Yoqimtoy” laqabli Charlz Floyd ko‘p yillar davomida qo‘lga tushmadi. Ajablanarlisi, oddiy fuqarolar unga bu borada faol yordam berishar, uni polisiyadan yashirib, boshpana berishardi.
Charlz Floydning ilk yillari
Charlz Artur Floyd 1904 yilning 3 fevralida Jorjiya shtatining Adersvill shahrida tug‘ilgan. 18 yoshida Floyd birinchi marta qonunni buzib, do‘konga o‘g‘irlikka kirdi, lekin uning birinchi o‘ljasi juda kamtarona bo‘ldi. Atigi 3,50 dollar (bu hozirgi pulda taxminan 50 dollar).
1925 yilda u Sent-Luisga ko‘chib o‘tdi va u yerda inkassatorni qurolli talon-toroj qilgani uchun hibsga olindi. Sud uni besh yillik qamoq jazosiga hukm qildi, uch yildan keyin Floyd boshqa qamoqqa tushmaslikka va’da berib, ozodlikka chiqdi. Oila qurib, farzandli bo‘ldi, lekin “o‘g‘ri o‘g‘riligicha qoladi” degan gap rost bo‘lib chiqdi.
Kam maoshli ishga qanoat qilmay, u Kanzas va boshqa shtatlar o‘rtasida harakatlanib, banklarni talon-toroj qila boshladi. Ba’zilarning taxminiga ko‘ra, Floydni jinoiy hayotga qaytishga rafiqasi undagan, chunki u zargarlik buyumlari va qimmatbaho kiyimlarni yaxshi ko‘rardi, erining esa bunday narsalarni sotib olishga qurbi yetmasdi.
Qanday bo‘lmasin, u banklarga yanada faolroq o‘g‘irlikka kira boshladi. Shu davrda o‘zining ajoyib ko‘rinishi, sartaroshxonadan “chiqmasligi”, qimmatbaho kostyumlari va o‘zini tutish uslubi tufayli o‘z davrining eng mashhur gangsterlaridan biriga aylandi. Charlz Floyd Amerika rasmiylari nazarida “1-raqamli xalq dushmani” bo‘lib mashhurlikka ega bo‘ldi.
Nega odamlar bu jinoyatchini yaxshi ko‘rgan?
Bunday hurmatning sababi shundaki, “Yoqimtoy Floyd” laqabi bilan mashhur qahramonimiz o‘g‘irliklari paytida nafaqat pullarni olib chiqib ketardi, balki ipoteka qog‘ozlari va kredit shartnomalarini ham yo‘q qilib yuborib, shu orqali oddiy fuqarolarni qarzdorlikdan xalos qilardi.
1930 yillarda ipoteka va kredit shartnomalari faqat shaharning alohida tumanlari yonidagi bank kassalarida saqlanganligi sababli ushbu hujjatlar faqat bir nusxada bo‘lardi, yo‘q qilingach, ko‘pgina odamlar banklardan qarzdor bo‘lmay qolardi.
“Yoqimtoy Floyd”ning harakatlari tufayli shu tarzda bir necha ming kishi 30 yil, hatto 50 yil muddatdagi kredit majburiyatlari va ipoteka to‘lovlaridan ozod bo‘lib, uy-joylarini (amalda) davlat sovg‘asi sifatida olganligi haqida ma’lumotlar mavjud.
Shuning uchun polisiya bir necha yil davomida Floydni hibsga ololmadi. 1930 yillarda uni qo‘lga olish uchun Amerika hukumati 5 000 (bugungi pulda 100 000) dollar va’da qilgan edi, keyinchalik bu miqdor 23 000 (bugungi pulda 500 000) dollargacha o‘sdi. Odamlar polisiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishdi, ba’zilari hatto Floyd tunab qolish uchun o‘z uylaridan joy berib, uni yashirishardi.
Shunga qaramay, 1934 yilda FBR agentlari “Yoqimtoy” yashiringan joyni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi va qochmoqchi bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan otishmada otib o‘ldirildi.
Ertasi kuni 40 mingga yaqin oklahomaliklar “Kukson Xill tepaliklaridagi Robin Gud”ni so‘nggi manzilga kuzatib qo‘yish uchun uning dafn marosimiga kelishdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.