2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi

Davlatimiz rahbari shu yil 15 may kuni “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” Qaror qabul qildi.

Qarorda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etishda fuqarolarning ishtirokini ta’minlash, ekologik huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jamiyatimiz a’zolarining ekologik madaniyatini oshirishda aholining barcha qatlamlari qamrab olinganligi, bunda kompleks vazifalar majmuasi belgilab berilganligi ahamiyatlidir. Qarorga ko‘ra, 2030 yilga qadar 3,3 million nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyat shakllanishiga erishish, 4,2 million nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyani mustahkamlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish belgilandi.

Bugungi kunda yer osti va yer usti boyliklaridan sof iqtisodiy utilitar-merkantil manfaatlar yo‘lida foydalanish “tabiat–jamiyat–inson” tizimidagi munosabatlarning kun sayin buzilishiga, bu esa o‘z navbatida, aqlbovar qilmas yangi ekologik muammolarning yuzaga kelishiga olib kelayotganligi sir emas. Bu muammolarni bartaraf etish bugungi kunda insoniyat oldidagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Prezident qarorida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlanib, unda asosiy mezon ekologik savodxonlik va madaniyat avvalo oiladan boshlanishiga e’tibor qaratilgan.

Gap shundaki, ekologik duyonqarashni shakllantirishning negizi oiladagi tarbiyaga bevosita bog‘liq. Agar bu masalaga oiladagi tarbiyadan boshlab e’tibor qaratilmasa, uni maktabgacha ta’lim muassasalarida, umumta’lim maktablarida, keyingi ta’lim bosqichlarida hamda mehnat jamoalarida mukammal qaror toptirish qiyin bo‘ladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan dasturda ham ushbu o‘ta dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Partiyamizning saylovoldi dasturlarida ekologiya fani, avvalambor, bog‘chalardan boshlanishi, o‘rta ta’limda esa alohida fan sifatida kiritilishi taklifi ilgari surilgan.

Keling, bir mushohada qilaylik. Bularning barchasi nima beradi?

Bolalar bog‘chalarida atrof-muhit, tabiat va ekologik tushunchalar berish, umumta’lim maktablarida asosan, tabiatshunoslik darslarida o‘qituvchilarga ekologik ta’lim-tarbiya o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. O‘lkamizning o‘simlik va hayvonot dunyosi, yer osti va yer usti boyliklari, ulardan oqilona foydalanishning samarasi, ushbu boyliklarni muhofaza qilish kerakligi haqidagi masalalar bilan yoshlarni maktab partasidan keng tanishtirib borish o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Ekologik madaniyatni shakllantirishni darsdan tashqari mashg‘ulotlarda hamda sinfdan tashqari o‘tkaziladigan tadbirlarda va ekskursiyalar chog‘ida amalga oshirilishi ham yaxshi samara beradi. Bunda o‘quvchilar o‘rtasida turli mavzularda qiziqarli savol-javoblar, bahs-munozaralar va suhbatlar uyushtirish, tabiat qo‘yniga sayohatlar uyushtirish, ekologik yo‘nalishdagi to‘garaklarni tashkil etish, shu mazmundagi kechalar o‘tkazish o‘quvchilar xotirasida uzoq saqlanadi.

Mahallalarda, korxona-tashkilotlarda esa bu masalaga yanada mas’uliyat bilan yondashish lozim. Aholi yashash joylarini, o‘z uyimiz, hovlimizni toza-ozoda saqlashimiz, chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilishini ta’minlashimiz, daraxtzorlar, ko‘kalamzor maskanlarni ko‘proq yaratib, tabiatga nihoyatda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishimiz zarur. Yosh avlod bu ezgu ishlarni biz, kattalardan o‘rganishi va bizdan o‘rnak olishini doimo his etishimiz kerak.

Xo‘jaqul Muhammadiyev, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi.