Endi grantlar manzilli bo‘ladi

Bu tartib Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.

Unda “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ijrosi yuzasidan olib borilgan ishlar, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yaratilgan imtiyozlar, joriy yil rejalashtirilayotgan davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar xususida so‘z bordi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga davlat tomonidan ajratilayotgan grantlarni tizimlashtirish, samaradorligini oshirish doimiy ravishda davlatimiz e’tiboridagi masalalardan bo‘lib kelmoqda, - deydi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi rahbari Otabek Husanov. – Xususan, 2017 yildan 2025 yilga qadar mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish uchun 60 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilingan. 2008 yildan 2024 yilga qadar Fond tomonidan NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga 2 trillion so‘mdan ortiq grant mablag‘lari ajratildi. Ushbu mablag‘larning 50 foizi nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun sarflangan.

Mazkur grantlar Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra endilikda yanada yangicha tartibda ajratilishi belgilandi. Ya’ni, ilgari u yoki bu viloyatdagi faol NNTlar takror-takror grant mablag‘lari yutib olishga muvaffaq bo‘lishar, boshqa hududdagi muammolar yechimi o‘z holicha qolib, NNTlar o‘z faoliyatini yetarlicha olib bormayotgan edi.

Endilikda grant tanlovlari har bir hududning muammolari o‘rganilgan holda o‘tkaziladi. Buning uchun yaqinda Samarqandda ham xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari deputatlari va kengash kotibiyati, Jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari, O‘zNNTMA, “Yuksalish” harakatining hududiy bo‘linmalari vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, viloyatning bir nechta shahar va tumanlaridagi ijtimoiy muammolarni o‘rgandi. Ushbu muammolar yechimi tahlil etilib, shunga ko‘ra grant tanlovlar aniq mavzuli tarzda e’lon qilindi.
Ushbu yangi tizim bo‘yicha o‘tkaziladigan grant tanlovlari endilikda barcha hududni birday qamrab olinishiga erishiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Abduhalimov sohadagi yangiliklarning huquqiy jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida viloyat nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari mutasaddilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat etdi.