Nikoh bekor qilinganda bolaning kim bilan qolishi bolaning fikriga asoslanadi

Parlamentda bola huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga doir qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev telegramdagi kanalida ma’lum qildi.

"Bolalarning huquqlarini himoya qilish masalasi dolzarb bo‘lib turgan ayni vaqtda ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, bir nechta qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Jumladan, Oila kodeksida nikoh bekor qilinganidan so‘ng, voyaga yetmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashi masalasini hal qilishda sud bolaning fikrini, yetuklik darajasini, yoshidan qat’iy nazar uning ongi darajasini inobatga olishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.

Amaliyotda nikoh bekor qilinganda, deyarli 90/95 foiz holatda bola ona qaramog‘ida qoldirilib, otaning bola tarbiyasidagi huquqlari, ayrim hollarda bolaning fikri ham inobatga olinmaydi. Biroq besh qo‘l barobar emas, deganlaridek, ba’zi vaqtlarda ona tomonning axloqi va imkoniyatlari bolani tarbiyalashga yetmasligi mumkin. Shunga qaramay, bolaning xohishiga zid bo‘lsa ham sud tomonidan bolalar ona qaramog‘ida qoldirilayotgan vaziyatlar ham uchrab turibdi. Shu bois farzand tarbiyasi va voyaga yetkazishda ham gender tengligiga rioya etilishi shart.

Mazkur o‘zgarish bu tenglikni ta’minlashga yordam beradi, degan umiddaman.

Shuningdek, qonun loyihaga ko‘ra "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonunga qo‘shimcha kiritib, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqishni kafolatlash, bunda bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘ymaslikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Bolalarning ro‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat’iy nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi kafolatlab qo‘yilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi yuzasidan parlamentning yangi tarkibi qaror qabul qilishi kerak”, deya yozgan deputat.