Nikoh shartnomasiga kelinlar ko‘proq qarshilik qiladi

Bugungi jamiyatda oila nafaqat ma’naviy qadriyat, balki huquqiy munosabatlar tizimi hamdir. Er-xotin o‘rtasidagi ishonch, hurmat va mas’uliyatni mustahkamlashda huquqiy kafolatlar alohida o‘rin tutadi. Nikoh shartnomasi ana shunday muhim huquqiy vosita sifatida oilalarni nizolardan muhofaza qilish, mulkiy munosabatlarda adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu shartnoma er-xotin o‘rtasida ishonchsizlik emas, balki huquqiy ong, mas’uliyat va kelajakka puxta tayyorgarlik ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 29-moddasiga muvofiq, nikoh shartnomasi - nikohlanuvchi shaxslar yoki er-xotin tomonidan tuziladigan va nikoh davrida hamda nikoh bekor qilinganda ularning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi kelishuvdir. Shartnoma shaxsiy munosabatlarni, farzand tarbiyasi va shaxsiy huquqlarga daxldor shartlarni o‘z ichiga olmaydi. U faqat mulkiy munosabatlarni tartibga soladi. 

Nikoh shartnomasi nikohdan oldin yoki nikoh davrida tuzilishi mumkin. Agar nikohdan oldin tuzilsa, u nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab kuchga kiradi. Shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi shart.

Taraflarning o‘zaro kelishuviga binoan shartnoma o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi avvalambor oilada moliyaviy aniqlikni ta’minlaydi, mojarolarning oldini oladi.

Ayniqsa, tadbirkorlar, katta mol-mulkka ega shaxslar va ikkinchi nikoh tuzuvchilar uchun bu shartnoma muhim huquqiy muhofaza vositasi hisoblanadi.

Nikoh shartnomasi to‘g‘ri targ‘ib qilinishi natijasida hozirgi kunda aksariyat yoshlar nikoh shartnomani tuzmoqda. To‘g‘ri, ayrim yoshlarimiz buni noto‘g‘ri talqin qilayotgani ham uchrayapti. Eng qizig‘i, aksariyat hollarda kelinlarimiz nikoh shartnomasini tuzishga rozilik bildirmaydi. Vaholanki, nikoh shartnomasining mavjudligi ikkala tomon uchun ham birday muhimdir. 

Bunday holatda biz nikoh shartnomasining afzalligini yoshlarga tushuntiramiz. Shuning uchun birgina yanvar oyida FHDY bo‘limimizda 38 ta nikohlar qayd etilib, ularning orasidan 18  juftlik nikoh shartnomasi tuzishni ma’qul ko‘rdi. 

Inobat BOBOQULOVA,

Samarqand shahar 1-son FHDYo bo‘limi mudirasi.