Nima uchun biz Navro‘zni doimo sog‘inib, intizorlik bilan kutamiz?

Navro‘z bahoriy kayfiyat, sho‘x-shodonliklar, tansiq taomlar, qizaloqlar sochidagi tolpopuklargina emas, u yangi umid, yangi reja, ruhiyatimizdagi yangi tozarish ayyomi hamdir. Navro‘z hayot chirog‘ining o‘chmasligidan, ona zamin buyuk samo bag‘rida aylanar ekan, bobo Quyosh mangu nur sochishidan dalolat.
Navro‘zda bu donishmand dunyo ko‘rkamlik libosiga burkanadi, tabiat uyg‘onadi, tuyg‘ularimizda ham uyg‘onish, tiniqlashish yuz beradi, ko‘chalar, hovlilar tartibga keltiriladi. Hosil dalalari yetilib qo‘pchiydi. Qushlar simfoniyasi, ko‘klamoyim qo‘shiqlari avjiga chiqadi. Bu ayyomda bir-birimizga ancha mehribon va yaqin bo‘lib qolamiz. Ezgu niyatlar qilib, bir-birimizni bag‘rimizga bosamiz. Gina-kuduratlar unutiladi, qish bo‘yi uniqqan xonalarning derazalari ochilib, musaffo havo vujudimizga singadi. Doshqozonda sumalak qaynaydi. Qozon atrofida tabarruk onaxonlarga qo‘shilib bo‘y yetgan qizlar, kelinchaklar raqsga tushadilar. Bu munavvarliklar inson qalbiga ko‘chadi, qalb bog‘larida ham tozarish yuz beradi.
Navro‘zni qanday kutib olishimiz, bu tabarruk ayyomga o‘zimizni qanday chog‘lashimizda gap ko‘p. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan joriy yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” nomini oldi. Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan Davlat dasturida:
inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Shu o‘rinda, oilani har jihatdan mustahkamlash, bu borada davlat va jamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni yanada kuchaytirish, oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalash, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, mahalla mavqeini ko‘tarish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni buyuk ajdodlarning munosib vorislari qilib tarbiyalashga alohida ahamiyat berildi. Bu yerda yana shuni ta’kidlash o‘rinliki, dunyoda iqtisodiy bo‘hron davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda jamiyatning bosh yacheykasi bo‘lgan oilani, ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka muhtoj va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovini kengaytirish kabi biri-birini mantiqan to‘ldiruvchi dastur va rejalar qabul qilindi.
Shu kunlarda kattayu kichik barcha yurtdoshlarimiz bag‘rini keng ochib, bahor, yasharish va yangilanish ramzi bo‘lmish Navro‘z ayyomini “Xush kelibsan o‘lkamizga, Navro‘zi olam!” deb, shodu xurramlik bilan kutib olmoqda. “Nima uchun biz Navro‘zni doimo sog‘inib, intizorlik bilan kutamiz? Nima uchun bu sana barchamiz uchun eng sevimli, eng ardoqlaydigan bayramimizga aylanib qolgan?”, degan savol berilishi tabiiydir.
Buning sababi, Navro‘zi olam biz uchun eng qadimiy, asl milliy, turli mafkura va siyosatlardan xoli, urf-odatlarimizga va qadriyatlarimizga javob beradigan bayram, ekanligidadir. Nega deganda, Navro‘z o‘z ruhi va g‘oyalari bilan har qaysi inson ona zaminning, tabiatning ajralmas uzviy qismi ekanini, tabiatning naqadar go‘zal ekanini his qilib, uni e’zozlab, hamnafas bo‘lib yashashga undashi bilan bizga qadrlidir.
Ayni shu betakror va dilbar faslda ko‘klam nafasi va mayin shabadalar kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek bo‘ladi. Barchamiz o‘zimizni yasharib ketgandek, kuch-quvvat, g‘ayrat va shijoatga to‘lgandek sezamiz, o‘zimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz. Aholimiz, qaysi millat va elat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, bayramona kayfiyatga berilib, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan o‘tkazadi, bunday damlarda nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, bag‘riga bosib, sog‘lik, baxtu saodat va omad tilashi hech kimni befarq qoldirmaydi.
Shu borada bir faraz qilaylik: agarki, bugungi kunda xalqaro maydonda tobora avjiga chiqayotgan keskinlashuv, mojaro va qarama-qarshiliklarni, hali-beri davom etayotgan qon to‘kishlarning oldini olish, paydo bo‘layotgan muammolarni faqatgina tinchlik va siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga qaytilsa olam guliston bo‘lardi. Agarki shu kunlarda ko‘pni ko‘rgan, qancha-qancha sinovlarni boshidan kechirgan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragining to‘rida saqlab keladigan, mehr-oqibatli xalqimizdan, sharqona yangi yil kirib kelishi arafasida turib, yangi yilda sizning eng ezgu niyatlaringiz nimalardan iborat, deb so‘rasa, xalqimiz, hech ikkilanmasdan, bizga tinchlik, sog‘lik, baxt, saodat, omad va omonlik kerak, deb javob berishi muqarrar.
Bunday yakdillikning sababi va ildizlarini avvalo bizning qadimiy tariximiz, ko‘p qirrali buyuk madaniyatimizda, umumbashariy taraqqiyotga o‘chmas hissa qo‘shgan ulug‘ olim va mutafakkirlarimiz qoldirgan bebaho merosda, ona yurtimiz ko‘p zamonlar davomida bilim, ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lib kelganida ko‘rish mumkin. Buning ustiga, azal-azaldan xalqimizga mansub bo‘lgan olijanoblik, bag‘rikenglik, odamiylik va mehribonlik, muhtoj bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash, keksalarning duosini olish, yetim-yesirlarning boshini silash kabi savob ishlarni bajo keltirishda bunday xususiyat va alomatlar aholimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgani hech kimga sir emas.
Bularning barchasi asrlar mobaynida avloddan-avlodga o‘tib, boyitilib, oxir-oqibatda ezgu insoniy tushunchalarga aylanib, xalqimizning ma’naviy va amaliy dunyoqarashi uchun mustahkam poydevor bo‘lgan. Tabiiyki, bunday olijanob, noyob xususiyat va fazilatlarga ega bo‘lgan, pok orzu-intilishlar bilan yashayotgan, o‘zi uchun, yurti va xalqi uchun tinchlik va omonlikni, musaffo osmonni istaydigan xalqimiz, hech shubhasiz, yaqin va uzoq qo‘shnilari bilan o‘z munosabatlarini o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida quradi. Va yurtimizni, aholimizni har qanday balo-qazolardan omon saqlashni o‘zining muqaddas burchi deb biladi.
Keyingi yillarda shiddat bilan o‘zgarib, tobora murakkablashib borayotgan davr barchamizning, birinchi navbatda, tayanchimiz va suyanchimiz bo‘lmish yoshlarimizning oldiga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, intellektual bilimlarni chuqur egallash, shu bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini yangi bosqichga ko‘tarish, iqtisodiyotimizni yangilash, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, bularni taraqqiyotimizning lokomotiviga aylantirish kabi vazifalarni qo‘ymoqda. Ayni shu ulkan dolzarb maqsadlarga erishish yo‘lida vatanparvar, yurtparvar, iqtidorli yoshlarimiz xalqimiz, Vatanimizning ishonchini oqlashga qodir ekaniga albatta ishonamiz.
Mana, yurtimizga Navro‘z kirib kelmoqda. Bu qutlug‘ bayram ma’naviy hayotimizning mazmuniga aylanib borayotir. Navro‘z taronalari janubiy viloyatlarimizda boshlanib, butun mamlakatni, qalblarimizni qamrab olyapti. Bu bayramda qilingan ezgu niyatlar, keksalarimizning duolari ijobat bo‘lsin, mustaqil Vatanimiz yanada fayzli va ko‘rkam bo‘lib boraversin. Tinch-totuvligimizga ko‘z tegmasin.
Xudoyor Mamatov,
yuridik fanlari doktori, professor.