Nima uchun saylovlar vaqtini o‘zgartirish taklif etilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilning dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Xuddi shunday norma «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 3-moddasida ham bor.
Mamlakatimizda saylovlarning muddatini dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirishni quyidagi muhim omillar taqozo etmoqda.
Birinchi omil: parlament saylovlari bo‘lib o‘tganidan keyin qonunchilikda belgilangan muddatlarda Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarini o‘tkazish, ularning qo‘shma majlislarida Bosh vazir nomzodini tasdiqlash, Vazirlar Mahkamasi — Hukumatni shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi kabi muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar yangi yilning birinchi choragiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa davlat dasturlarini qabul qilish va tegishli yilga mo‘ljallangan boshqa islohotlarning mart-aprel oylariga qadar surilishiga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, 2019 yilgi parlament saylovlaridan keyingi siyosiy-huquqiy jarayonlar juda qisqa muddatda, ya’ni 2020 yilning 20-24 yanvar kunlari oralig‘ida bo‘lib o‘tdi. 2020 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi esa 2 mart kuni qabul qilindi.
Ikkinchi omil: saylovlar qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi, o‘z navbatida, fuqarolarning saylovlardagi faolligini yanada oshirish, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovli o‘tkazish, zamonaviy saylov texnologiyalaridan foydalanish, ayniqsa, ommaviy tadbirlarni tashkillashtirishda bir qator kamchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan saylovlar davrida aholi va elektorat, siyosiy partiyalar tomonidan bu borada qator takliflar bildirildi.
Uchinchi omil: xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, asosan, iqlimi issiq bo‘lgan janubiy yarimshar davlatlarida, masalan, Gana, Misr, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi, Jazoir, Venesuela, Dominika kabi mamlakatlarda saylovlar dekabr oyida o‘tkaziladi. AQSh, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Iordaniya, Moldova va bir qator Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida esa saylovlar oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi.
To‘rtinchi omil: O‘zbekistonda o‘tkaziladigan saylovlar Yevropa va Amerika davlatlaridan taklif etilgan kuzatuvchilarning diniy bayrami, xususan, «Rojdestvo» nishonlanadigan 25 dekabr sanasiga to‘g‘ri kelishi tufayli saylov sohasida jahon miqyosida obro‘ga ega xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokini cheklamoqda.
Ana shu omillarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarni dekabr oyidan oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirish taklif etilmoqda.
Buning natijasida, bir tomondan, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o‘z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli zamin yaratiladi. Ikkinchi tomondan noqulay ob-havo sharoitlarida fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi. Shu tariqa saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.
Akmal Saidov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari.