Nimstansiyalar ishga tushgach, elektr ta’minotida barqarorlik bo‘ladi

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish uchun viloyatimizda 825,4 mingta elektr hisoblagich o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Hozirgacha bunday hisoblagichlardan 692,6 ming dona keltirilgan bo‘lsa, uning 655,2 ming donasi o‘rnatildi va ularning 586,8 ming donasi billing tizimiga ulandi. Yil yakunigacha yana qariyb 35 ming aholi xonadoniga shunday zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida hisob-kitoblardagi qulaylik bilan birga elektr energiyasini ortiqcha sarflanishining oldini oladi. 

Avval xabar qilganimizdek, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan tashkil etilgan press-turda shu kabi ma’lumotlar taqdim etildi. 

Viloyatimizda elektr energiyasida uzilishlarni tezkor aniqlash va bartaraf etish maqsadida korxona dispetcherlik markaziga elektron tablo o‘rnatilib, maxsus tizim orqali viloyatimizning barcha hududlaridagi qariyb 10 ming 800 ga yaqin transformatorlarning ishlash holatini nazorat qilish joriy etilgan. 

- Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlarni kamaytirish uchun Qorasuv massivida qiymati 16,3 milliard so‘mlik yangi nimstansiya qurilib, birinchi bosqichi yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi, - deydi korxona rahbari G‘anisher Mamatqulov. – Natijada Qorasuv massividagi aholi, ijtimoiy sohalar, tadbirkorlardan iborat 9500 iste’molchi barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Bog‘imaydon, Dahbed nimstansiyalarida yuklama kamayadi va 14,5 ming iste’molchida elektr ta’minotining sifati yaxshilanadi. 

2021 yilda 15 milliard so‘m qiymatdagi Nomozgoh nimstansiyasi ishga tushirilgach, Samarqand shahridagi 6500 iste’molchi sifatli elektr ta’minotiga ega bo‘ladi. Qolaversa, Chashma, Shohi Zinda, Sherdor, Registon stansiyalarida yuklamalar kamayib, 17,8 ming iste’molchining elektr ta’minotida barqarorlik ta’minlanadi. Shuningdek, sharqiy nimstansiyasi ishga tushirilishi bilan Samarqand shahridagi 8500 dan ortiq va Payariq tumanidagi Al-Buxoriy nimstansiyasining ishga tushirilishi natijasida bu yerdagi majmua, mehmonxonalar, ko‘p qavatli uylar, Xartang, Zarafshon, Choshtepa, Maniobod, Oqqo‘rg‘on, Sorisuv mahallalaridagi 10500 iste’molchi barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. 

Press-tur davomida jurnalistlar Qorasuv massividagi nimstansiyada olib borilayotgan qurilish-montaj jarayonlari bilan tanishdi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.