Nodir Abdusattorov jahon reytingida o‘zbek shaxmatchilari ichida yetakchi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) o‘zining yangi reytingini e’lon qildi.
2022 yil 1 apreldan keyingi holat aks etgan ushbu jadvalda ayni damda kuchli 100 talikdan ikki nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi o‘rin olgan. Bular - jahonning 17-chempioni, xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov hamda yaqinda rapid yo‘nalishi bo‘yicha dunyodagi eng yosh chempionga aylangan Nodirbek Abdusattorovdir.
E’tiborlisi, yangilangan reytingda o‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida peshqadam o‘zgardi. 1997 yilda FIDE reytingida O‘zbekistonning eng yuqori ballga ega shaxmatchisi maqomini qo‘lga kiritgan Qosimjonov chorak asrdan so‘ng o‘rnini yosh va iqtidorli izdoshiga bo‘shatib berdi.
FIDEning yangilangan reytingida xalqaro grossmeyster N.Abdusattorov (2004 yilda tug‘ilgan) 2 661 ball bilan 74-o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan oyda u 92-o‘rindan joy olgandi. Rustam Qosimjonov (1979 yilda tug‘ilgan) esa 2 656 reyting bali bilan 82-pog‘onaga tushdi. Bir oy avval 17-jahon chempioni 77-o‘rinda qayd etilgandi. TOP-100 talikda Nodirbekdan yosh bironta ham shaxmatchining yo‘qligi bizni yanada xursand qiladi.
FIDE 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilarning reyting o‘rinlarini ham alohida hisoblab boradi. Eng kuchli yosh shaxmatchilar orasida Nodirbek ayni paytda 4-o‘ringa ko‘tarildi. Shuningdek, yosh shaxmatchilar orasida TOP-100 talikdan yana uch nafar shaxmatchimiz o‘rin olgan:
4 (o‘tgan oydagi o‘rni – 7). GM Nodirbek Abdusattorov (2004) – 2661,
11 (10). GM Nodirbek Yoqubboyev (2002) – 2630,
17 (16). GM Javohir Sindorov (2005) – 2609,
- GM Shamsiddin Vohidov (2002) – 2536.
Blits yo‘nalishida 4 shaxmatchimiz kuchli yuzlikdan joy olgan:
- Rustam Qosimjonov – 2681.
- Nodirbek Abdusattorov – 2663.
- Javohir Sindorov – 2630.
- Shamsiddin Vohidov – 2611.
Rapid yo‘nalishida faqat Nodirbek Abdusattorov kuchli yuzlikda qayd etilgan, u 2670 ball bilan 37-o‘rinni egallab turibdi.