Nogironlar uchun test topshirishning alohida mezonlari nega ishlab chiqilmagan?

2017 yil 1 dekabrda Prezidentimizning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan. Farmonning oltinchi bandida 2018-2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etilishi belgilandi.
Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizom talablari asosida o‘tgan yillar mobaynida bir qancha nogironligi bo‘lgan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Ammo Nizomda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imtihon o‘tkazish tartibi ko‘rsatilmagan. Imtihon jarayonlari boshqa abituriyentlarga qo‘yilgan mezonlar bilan bir xil. Imtihonda ikki namunadagi imtihon varaqasi tayyorlanadi: ko‘zi ojizlar uchun brayl alifbosida, boshqa barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun odatiy tarzdagi imtihon varaqalari va javoblar varaqasi beriladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: imtihon jarayonida barcha uchun bir xil javoblar varaqasi berilishi maqsadga muvofiqmi? Masalan, organizmdagi boshqa kasalliklar birgalikda miopiyaning yuqori darajasi (tibbiyot nuqtai nazariga ko‘ra - 6 dioptriya (va undan yuqori) bilan kasallangan nogironligi bor shaxslar uchun bu qulay variant bo‘lmasligi aniq. Miopiya darajasi - 25 yoki 30 dioptriya bo‘lgan, shu bilan birgalikda, ko‘z to‘r pardasi (setchatka)da buzilishlar bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hatto ko‘zoynakda ham javoblar varaqasidagi doirachalar tiniq ko‘rinmaydi.
Shuningdek, qo‘li doimiy titraydigan nogironligi bo‘lgan shaxslar bilim darajasi yuqori bo‘lsa-da, ammo o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holat tufayli javoblar varaqasidagi doirachani namunadagidek belgilay olmasligi mumkin. Bu kabi holatlar nogironligi bo‘lgan, ammo kuchli salohiyatga ega ko‘plab abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kira olmasligiga sun’iy to‘siq bo‘ladi.
Balki javoblar varaqasini yangicha formatda ishlab chiqish kerakdir. Javoblar varaqasidagi doirachalarni bo‘yash kamida yarim soat vaqt oladi. Sog‘ligi binoyidek bo‘lgan abituriyent ham bu xildagi javoblar varaqasini bo‘yashda qiynalishi mumkin. Bunga bir misol keltiraman: 2019 yil oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari jarayonlarida miopiyaning yuqori darajasi bilan og‘rigan abituriyentlardan biri javoblar varaqasini bo‘yashda nazoratchidan yordam so‘raganida, “Mana bu abituriyentni ko‘ryapsanmi bir qo‘li yo‘q, lekin javoblar varaqasini o‘zi to‘ldiryapti”, degan javob olgan.
Agar shu abituriyentga javoblar varaqasini bo‘yashda yordam berishganida balki u talaba bo‘lardi. Bu jarayonda nazoratchini ayblab bo‘lmaydi. Chunki u imtihonlar shu kabi formatda o‘tkazilishiga ko‘nikkan.
Shu kabi munosabatlarni tartibga solish uchun “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imtihon o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. 2020-2021 o‘quv yili imtihonlari jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishlicha yordam ko‘rsatish uchun mutasaddilar tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi zarur.
Maqsud AMIROV,
Samarqand shahar adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.