Noqonuniy qurilgan inshoot buzdirilishi kerak

Shu yil 2 iyun kuni Zarnews.uz telegram kanali va saytida «Sud qarorlari ham, mas’ul idoralar xulosalari ham qonunchilik talabi asosida, ammo muammo hal bo‘lmayapti» sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Samarqand viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan javob xati yo‘lladi.

Unda shunday deyiladi:

“Ushbu holat bilan bog‘liq masala yuzasidan bir necha sud jarayonlari o‘tkazilgan. Birinchidan, Past Darg‘om tumani hokimligi 2016 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Past Darg‘om tumani sudiga murojaat qilib, A.Narziyevga nisbatan noqonuniy egallab olgan yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish, noqonuniy qurilmani buzdirish va yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritgan. FIB Past Darg‘om tumani sudining 2016 yil 14 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vogar Past Darg‘om tumani hokimining javobgar A.Narziyevga nisbatan noqonuniy egallab olgan yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish, noqonuniy qurilmani buzdirish va yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qisman qanoatlantirilgan. Ya’ni, Balxiyon mahallasi hududidan o‘zboshimchalik bilan 37,3x6,3 o‘lchamda qurilgan noqonuniy qurilma javobgarning hisobidan buzdirilishi belgilangan. Sababi, A.Narziyev mazkur qurilishni hech qanday hujjatsiz, noqonuniy qurgan. Biroq Past Darg‘om tumani hokimining A.Narziyevga nisbatan yer maydonidan chiqarish va yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarish haqidagi da’vo talabi tuman hokimining unga (javobgarga) yer ajratish to‘g‘risidagi qarori mavjud bo‘lganligi sababli qanoatlantirishdan rad qilingan.

Ikkinchidan, sud majlisida A.Narziyev Past Darg‘om tumani hokimligiga nisbatan binoni qayta qurish majburiyatini yuklash haqida da’vo kiritgan. Sud tomonidan da’vo ariza qanoatlantirilib, Past Darg‘om tumani hokimligiga tumandagi Balxiyon mahallasi hududida joylashgan A.Narziyevga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasini qurishga ruxsat berish masalasini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklatilgan. Ushbu sud hujjati amaldagi tartibga ko‘ra da’vo, e’tiroz, shikoyat bo‘lmaganligi bois bugungi kunda ham qonuniy kuchda.

Uchinchidan, 2019 yilda FIB Jomboy tumanlararo sudiga ko‘ra, da’vogar R.Xudoyberdiyeva A.Narziyevga nisbatan uning savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasini noqonuniy qurilish, deb topish, uni buzdirish hamda oldindan mavjud bo‘lgan yo‘l, ko‘cha, darvoza va oqar suv arig‘ini o‘z holiga qaytarish to‘g‘risidagi asosiy va qo‘shimcha da’vo ariza kiritgan. Ushbu masalada FIB Past Darg‘om tumani sudining 2016 yil 14 oktyabrdagi hal qiluv qarori kuchda ekanligi inobatga olinib, FIB Jomboy tumanlararo sudining 2019 yil 21 fevraldagi hal qiluv qarori bilan ushbu da’vo qanoatlantirishdan rad qilingan.

FIB Jomboy tumanlararo sudining ushbu hal qiluv qaroridan R.Xudoyberdiyeva norozi bo‘lib, kassatsiya tartibida shikoyat ariza keltirgan, kassatsiya shikoyat ariza 2019 yilda 17 sentyabrda FIB viloyat sudining kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, shikoyat qanoatlantirilmagan. Hozirgi kunda FIB Jomboy tumanlararo sudining 2019 yil 21 fevraldagi  hal qiluv qarori qonuniy kuchda.

To‘rtinchidan, FIB Past Darg‘om tumani sudi ish yurituvida bo‘lgan da’vogar Past Darg‘om tumani hokimligining javobgar A.Narziyevga nisbatan Balxiyon mahallasi hududidagi nizoli inshootni buzdirtirib, yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi fuqarolik ishi 2021 yil 12 aprel kuni ko‘rib chiqilib, sudning ajrimi bilan FPKning 124-moddasi 2-bandi bilan ish yuritishdan tugatilgan. Mazkur ajrim ustidan xususiy tartibda shikoyat va protest kelib tushmagan.

Beshinchidan, FIB Past Darg‘om tumani sudi ish yurituvida bo‘lgan da’vogar Past Darg‘om tumani hokimligining A.Narziyevga nisbatan Past Darg‘om tumani Balxiyon mahallasi hududidagi nizoli bo‘lgan 37,3x6,3 metr hajmdagi inshootni buzdirtirib, yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi fuqarolik ishi 2021 yil 13 dekabr kuni ko‘rib chiqilib, sudning ajrimi bilan FPKning 124-moddasi 2-bandi bilan ish yuritishdan tugatilgan. Mazkur ajrim ustidan xususiy tartibda shikoyat yoki protest kelib tushmagan”.