Normamat Olimov mahoratli jurnalist edi

Uzoq yillar bir jamoada qalam tebratib, o‘zidan yaxshi maqola, kitob, she’r va hikoya qoldirgan hamkasbim Normamat Olimovning bevaqt vafoti haqidagi sovuq xabarni eshitib, boshimdan sovuq suv quyganday junjikib ketdim.
Bundan ancha yillar oldin tahririyatda muharrir Nasriddin Zayniyev bilan gurunglashib o‘tirgandik, xonaga yosh, barvasta yigit tortinibgina kirib keldi. U qo‘lidagi qog‘ozni muharrirga uzatdi. Havaskor qalamkashning yozib kelgan xabarini sinchiklab o‘qib: “Yaxshi, ko‘proq gazeta va jurnallar o‘qing, izlaning, yozib turing”, dedi va uni tanishtirdi:
- Bu institut talabasi Normamat Olimov. Matbuotga qiziqishi baland, kelgusida jurnalist bo‘lmoqchi...
Normamat Olimov 1957 yilda Samarqand tumanining Bog‘imaydon mahallasida tug‘ildi. 1982 yilda Samarqand pedagogika institutini tugatib, redaksiyaga ishga keldi. Tez orada u o‘ziga xos yozish uslubiga egaligi, mahorati bilan tahririyatda obro‘ qozondi. Xarakterida birdan olov oladigan shiddat bor bo‘lsa ham qalbi daryo edi.
“Gulobod tongi” gazetasining istiqlol yillarida chop etilgan sahifalariga ko‘z tashlagan kishi uning ijodi o‘sha yillari sermahsul bo‘lganini sezadi. U qissalar yozdi, tojik adiblarining hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Tahririyatda adabiy xodim, bo‘lim mudiri va mas’ul kotib bo‘lib ishladi.
N.Olimov Samarqand tumanida yuz berayotgan har bir yangilik, o‘zgarishlarni kuzatar, ularni mohirlik bilan gazetxonlarga yetkazardi. 1983 yildan buyon O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi edi.
Normamat oilada sevimli ota bo‘lib, to‘rt nafar farzand va nabiralarini ulg‘aytirdi.
Shafqatsiz o‘lim hamkasbimizning yangi-yangi rejalarini armonga aylantirdi. Qalbi daryo jurnalist Normamat Olimovning porloq xotirasi doim qalbimizda saqlanadi.
Zohir Hasanzoda.