Noskashlik yosharib, keng tarqalib bormoqda: uning organizmga foydasi bormi?
Ko‘cha-ko‘yda, mehmondorchilik, to‘y-tomosha, yig‘inlarda bu odatga ko‘p ko‘zimiz tushadi. Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk, didli, farosatli odamlar. Hayron qolasiz, na sog‘liqqa, na ochlikka, na to‘qlikka zig‘ircha foydasi bo‘lgan nos chekishga odatlanishning sababi nimada? Yana kimlardir nosni sigaretdan ko‘ra zarari kamroq, deb xato o‘ylaydi. Og‘izda badbo‘y hid paydo qilishi, tishlarni chiritishi, og‘iz bo‘shlig‘i, so‘lak bilan o‘tib qizilo‘ngach, oshqozon shilliq pardasini yallig‘lantirishdagi zarari o‘pka rakini keltirib chiqaradigan sigaretnikidan kam emas.
...Svetoforning qizil chirog‘ida mashinalar to‘xtab turibdi. Avtobus haydovchisi oynasini tushirib, yonidagi "Neksiya"ga qarab og‘zidagi nosni tuflab yubordi. Oppoq kapot rasvo bo‘ldi. Yashil chiroq yonib mashinalar qo‘zg‘almaganida ikki haydovchi o‘rtasida dahanaki jang bo‘lishi aniq edi. Ko‘rib turganlar ijirg‘anib qo‘ydi. Bugun jamoat joylarida, yo‘l, yo‘laklarda, istirohat bog‘laridagi o‘rindiqlar oldida, bekatlar, bozor-o‘charlarda ham shunday xunuk manzarani ko‘rish mumkin.
Mehmondorchilikda do‘st-birodarlar gurunglashib o‘tiribmiz. Bir sherigimiz qo‘lida piyolada choy, og‘zida nos, tamshanib o‘rnidan turdi. Derazani ochib og‘zidagi nosni tuflamoqchi edi, mahkam ekan, ochilmadi. "Ovva", deb duduqlaganicha joyiga o‘tirdi-da, gilamni ko‘tarib, tagiga tuflab qo‘ya qoldi. Og‘zini yengi bilan artib, choydan xo‘pladida, kosadagi ovqatini tanovul qilishga kirishdi. Hammaning ishtahasi buzildi, mehmonlardan biri o‘qchib yuborayozdi. O‘ta madaniyatsizlik, o‘ta xunuk manzara edi.
Ayniqsa, noskashlikning yosharib, keng tarqalib borayotgani kishini tashvishga soladi. Nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘quvchi qiz tahririyatga shunday yozadi: "Yigit tengdoshlarimizning nos chekishlari juda xunuk ko‘rinadi. Koridorlar, eshik oldilariga qo‘yilgan chiqindi idishlari tuflab tashlangan nosdan bulg‘angan. Ko‘rib, ko‘ngling ayniydi".
Hayotning shafqatsiz sinovlariga uchragan yoki og‘ir judolikka dosh berolmay g‘am-anduhni chekish bilan "yengillashtirish" uchun nos chekishga ruju qo‘yganlarni tushunsa bo‘lar. Lekin hali turmushning mushtiga duch kelmagan, achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan, to‘qlikka sho‘xlik, oliftalik qilib nos, sigaret chekishni odat qilgan yoshlarni qanday tushunsa bo‘ladi?
Ehtimol, nos kim uchundir ermak hisoblanar, ammo gigiyena nuqtai nazardan iflosligi, salomatlikka o‘ta zararliligi kunday ravshan. Uning tarkibida nimalar yo‘q, deysiz. Tamaki kukuni, ohak, kul, yog‘, yana allanimalar.
Afsuski, bu illat hozirda chuqur ildiz otmoqda. Bozorlarda nos sotilayotgan rastalar bor. Aytsam ishonmaysiz, ko‘cha-ko‘yda ayrim kollej, oliy o‘quv yurti, hatto maktab o‘quvchilaridan nos bormi, deb so‘rab ko‘ring. Albatta, sellofan paketcha yoki vazelindan bo‘shagan qutichada nos uzatadigani topiladi. Mulohazamiz chekuvchilarga yoqmasligi aniq. Negaki, kim nima chekadi, nima yeydi, nima ichadi, aqli, farosatiga bog‘liq. Ularga aql o‘rgatish, hamma yoshlar noskash bo‘lib ketyapti, degan fikrdan yiroqmiz. Aqlli, esli-hushli, odobli, madaniyatli yoshlarimiz ko‘p. Ammo bu tilga olgan illat, holat mavjudligi, unga qarshi kurash zarurligi ham bor gap. Bunda asosiy mas’uliyat ota-ona, ta’lim-tarbiya beruvchi, ya’ni biz kattalar zimmasiga tushadi.
O‘ylab ko‘rish kerak. Har holda inson sivilizatsiyasi yuksak darajaga chiqayotgan asr¬da yashayapmiz. Ehtimol, nos tamaki yetishtirish, undan chekimlik tayyorlovchi va sotuvchilarni dehqonchilikning boshqa foydali turiga o‘tkazish lozimdir. Yoki nosni giyohvand moddalar toifasiga kiritib, yetishtirish, tayyorlash sotish iste’mol qilishni qonun yo‘li bilan taqiqlash zarurdir. Nima bo‘lganda ham nos inson salomatligi uchun zararli. Chekishdan olinadigan "lazzatni" kitob o‘qish, sayr-sayohat, sport bilan shug‘ullanish, muzeyga, stadionga, teatrga borish, yaxshi film tomosha qilish, alkogolsiz ichimliklar, shirinliklar tanovul qilishdan ham olsa bo‘ladi.
Tog‘aymurod ShORMURODOV.