Notariuslar xususiy bo‘ldi. Nima o‘zgardi?

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining 2019 yil uchun belgilangan Davlat dasturida notariat organlari tizimini isloh etish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

Unda notariatning byudjetdan tashqari modeliga bosqichma-bosqich o‘tish va uni fuqarolik-huquqiy hamda iqtisodiy nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan edi.

O‘zbekiston Notarial palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Murtozoyev bilan tizimdagi yangiliklar, o‘zgarishlar hamda ularning ahamiyatli jihatlari xususida suhbatlashdik.

- Ulug‘bek aka, aytingchi, notariat tizimida davlat idoralaridan voz kechishdan maqsad nima?

- Amaliyotda davlat notarial idoralari aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatishdan manfaatdor emasligi bilan bog‘liq ko‘pgina holatlar mavjud. Birgina shuning o‘zi, qolaversa, davlat notarial idoralarida xodimlar sonining cheklanganligi turli byurokratik vaziyatlarga, korrupsion harakatlarga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon asosida 2020 yil 1 yanvardan davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil qilinishi belgilandi.

Shu asosda dastlab, notariuslarni birlashtiruvchi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tuzilma sifatida O‘zbekiston Notarial palatasi tashkil etildi. Uning huquq va majburiyatlari, unga a’zo bo‘lgan notariat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda Notarial palataning viloyat hududiy boshqarmasi ham notariuslarni xususiylashtirish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ayni paytda shahar va tumanlarimizda 59 nafar ilgari davlat notariusi bo‘lib ishlagan notariuslar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanmoqda.

- Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bilan tizimda nima o‘zgardi? Bundan tashqari, davlat notariuslari endi nima bo‘ladi?

- Juda o‘rinli savol. Avvalo qayd etish lozimki, davlat notariuslari zarur miqdorda xususiy idoralar shakllanmaguncha faoliyatini davom ettiradi.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning tashkil qilinishi birinchidan tizimda sog‘lom raqobat muhitini paydo qilib, notarial harakatni rasmiylashtirish vaqti deyarli uch barobar tezlashishiga olib keldi.

Yangi tizimga o‘tilayotgani davlat notarial idoralari faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq davlat resurslari tejalishini ta’minlaydi. Qolaversa, endi notariuslarning sodir etgan qilmishlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazgan zararlari uchun davlat javobgar bo‘lmaydi.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar hamda ulardagi ishchilar soni, ish va dam olish vaqti chegaralanmaganligi notarial idorada navbatda turish va ortiqcha byurokratiya holatlarga barham beradi.

Notariuslarning foyda ko‘rishga bo‘lgan qiziqishi natijasida notarial idoralardagi korrupsiyagen omillarga barham beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida tashkil etiladi.

- Bu yangilikning fuqarolarga nima qulayligi bor?

- Aksariyat davlatlarda xususiy notariuslar mavjud. Xususiy notariuslar xodimlar soni, ish vaqti va boshqa tashkiliy masalalarni o‘zi hal qiladi. Ya’ni fuqaro uchun tanlov imkoniyati kengayadi.

Shuningdek, notarial harakat bilan bog‘liq barcha ishlar elektron tizimda bajarilib, ularning tarixi saqlanadi. Jarayonlar onlayn nazorat qilinadi va noqonuniy harakatlar to‘xtatiladi. Fuqaro korrupsion holatlardan xavotirlanishiga o‘rin qolmaydi.

Notarial harakatlar axborot tizimda majburiy qayd etilib, har bir hujjatga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish orqali suiiste’molliklarning oldi olinayotgani ham fuqarolarga qulaylik bo‘lishi tabiiy.

Bundan tashqari, notarial harakatni rasmiylashtirish uchun zarur ma’lumotlar va shaxsning barmoq izi tizim orqali elektron tekshirilishi natijasida ularning soxtalashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Notarial harakatlarni rasmiylashtirish davrida idoralararo elektron axborot almashinib, murojaatchilarning ortiqcha ovora bo‘lishlarining oldi olinadi.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius noqonuniy harakati natijasida yetkazilgan zararni to‘liq qoplashi, buning uchun notariusning javobgarligi majburiy sug‘urtalanishi ham eng muhim yangiliklardan biridir.

- Bu qanday amalga oshiriladi?

- Avvalo qayd etish lozim, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvi notariuslar notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat bojining bir qismi, shuningdek, huquqiy va texnik ko‘rinishdagi qo‘shimcha harakatlar hamda notariatning faol modeli doirasidagi xizmatlar uchun to‘lovlar hisobiga “yashaydi”.

Xususiy notariuslarning fuqaroviy mas’uliyati sug‘urtalanadi - bu jismoniy va yuridik shaxslarni notarius professional burchiga rioya etmaganligi oqibatida yuzaga keladigan zarardan himoya qiladi. Notarius sug‘urta shartnomasini tuzmasa, bu uning litsenziyasini to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Fuqarolik javobgarligining quyidagilar oqibatida yuzaga kelishi sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi:

notariusga yolg‘on ma’lumotlar, haqiqiy bo‘lmagan yoki soxta hujjatlar taqdim etilishi;

notarial harakat huquq va qonuniy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan uchinchi shaxslarning yo‘qligi yoki mavjudligi bildirilmagan bo‘lsa.

- Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius butkul nazoratsiz yoki to‘liq mustaqilmi? Ularning faoliyati ham monitoring qilib boriladimi?

- Notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga, notariat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, notarial harakatlar maxfiyligiga va notarius qasamyodiga rioya qilinishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda adliya boshqarmalari amalga oshiradi.

Notariusning odob-axloq qoidalari va kasb majburiyatlariga rioya etishi ustidan nazorat Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Notarial palatasi notariuslarning bitta harakatni rasmiylashtirishga sarflagan o‘rtacha vaqtini tahlil qilib, bu bo‘yicha notariuslar reytingini yuritadi.

Mazkur reyting notariuslar fuqarolarga xizmat ko‘rsatish tezkorligini oshirish maqsadida har oyda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olingan ma’lumotlarga asosan shakllantirib boriladi.

Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.