Noyob so‘zanalarni olib chiqishga bo‘lgan urinish naf bermadi
Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 23 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qarorida ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilmasligi belgilab o‘tilgan.
Chegara bojxona postlarida xizmat olib borayotgan bojxonachilar ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida madaniy boyliklarni yurtimizdan noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketilishiga qarshi urinishlarga o‘z vaqtida chek qo‘ymoqda.
Xususan, Samarqand xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan fuqaro K.D. bojxonachilar e’tiborini tortdi va unga tegishli bo‘lgan yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada K.D.ning yuklari orasida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 45 dona noyob so‘zana va 2 dona tarixiy liboslar borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.