Nukusni birgalikda rivojlantiramiz

Xabar berganimizdek, 16 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida viloyatimiz ko‘magida bunyod etilgan o‘n beshdan ortiq yangi ob’yekt foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz viloyatlari Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan. Jumladan, Samarqand viloyati 51 mingdan ortiq aholi yashayotgan Nukus tumanini o‘z tajribasi asosida yanada rivojlantirishga ko‘maklashyapti. Tumanni 2022-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy  rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida viloyat tomonidan 898,5 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqilgan.

Mazkur tashabbus asosida 40 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan va bugungi kunga qadar 36 bandning ijrosi to‘liq ta’minlangan, 4 tasi bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Nukusda 18 ta ob’yekt foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, viloyat mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tumanda aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash uchun 1,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, markaziy shifoxona uchta tez tibbiy yordam ko‘rsatish mashinasi va tibbiy anjomlar olib berildi. Samarqandlik malakali shifokorlar tomonidan tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, 13 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

Tuman markazidagi 5 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 3,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Foydalanishdan chiqqan 1154 gektar yer maydonida dehqonchilik, bog‘dorchilik qilish maqsadida tadbirkorlar tomonidan 45 gektar yerda uzum ko‘chatlari ekildi. 35 gektar maydon saksovuldan tozalanib, sabzavot ekinlari ekishga tayyorlandi. Taxirkul ovulida 10 kilometr, Samanbayda 6 kilometr ariq va zovurlar qazilib, foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini foydalanishga kiritish choralari ko‘rildi.

Samarqandlik tadbirkorlarining homiylik mablag‘lari hisobidan Baqanshaqli, Arbashi, Aqmang‘it, To‘ktov ovullari uchun yangi binolar qurib berildi. Kerder mahalla markazi binosi rekonstruksiya qilindi. Ushbu va boshqa ovullarda sport maydonchalari, mini futbol stadionlari tashkil etildi.

Tuman markazidagi 56 oila yashaydigan 4 ta ikki qavatli uyning tom qismi ta’mirlandi. Ko‘tankul mahallasining 3139 nafar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 3 ta yangi suv nasosi o‘rnatildi. Elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash maqsadida 10 ta transformator yangilandi. Mahallalardagi kam ta’minlangan, ijtimoiy "daftar"larda ro‘yxatda turadigan va ishsiz fuqarolarga motokultivator va boshqa ishlab daromad qilish mumkin bo‘lgan vositalar, 10 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari, 200 xonadonga 6 ming bosh parranda, 20 ta xonadonga 80 bosh echki, o‘nta xonadonga 10 ta inkubator tarqatildi. Bundan tashqari, 200 ta xonadonda issiqxona qurib berildi.

Turli bayram tadbirlari munosabati bilan 400 ta ehtiyojmand oilaga gaz plita hamda elektropech, oziq-ovqat mahsulotlari ajratildi. Yozgi dam olish mavsumida nukuslik 100 nafar o‘quvchilar Urgut tumanida joylashgan “Chorchinor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam oldi. Tuman nuroniylarining Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi.

Viloyat tadbirkorlari tomonidan esa 2022-2023 yillarda Nukusda umumiy qiymati 368 milliard so‘mlik 27 ta loyihani amalga oshirish va 1520 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

16 oktyabr kuni Nukusda o‘ndan ortiq bino va inshootlarning ochilishida ishtirok etish uchun Samarqand viloyati faollari maxsus poyezdda Qoraqalpog‘istonga keldi.

Dastlabki manzil Aqmang‘it shaharchasidagi Xotira maydoni bo‘ldi. Mazkur maskan 7,2 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, “Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan rekonstruksiya qilindi.

Viloyat hokimi E.Turdimov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev, shuningdek, Samarqand va Qoraqalpog‘iston jamoatchiligi vakillari tomonidan maydondagi "Hasratliq ona" haykali poyiga gullar qo‘ydi.

– Nukusdagi tadbirlar ziyorat bilan boshlangani juda xayrli ish bo‘ldi, - deydi viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Shuhrat Negmatov. – Bu o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining o‘tmishi mushtarakligi, quvonch va shodligi birligini ifodalab, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng, Nukus tumani markazida samarqandlik, jumladan urgutlik tadbirkorlar ko‘magida 52 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga bunyod etilgan Aqmang‘it savdo majmuasi, 90 o‘rinli “Urgut hostel” mehmonxonasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Majmuada 115 ta do‘kon va 512 ta savdo rastasi tashkil etildi, mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

– Bizning Urgut tumanimiz aholisi tadbirkor xalq hisoblanadi, – dedi majmua ochilishida viloyat hokimi E.Turdimov. – Nukusda ham ishbilarmonlik qilayotgan va bu ishning boshini tutish istagida bo‘lgan insonlar ko‘p ekan. Mazkur savdo markazining tashkil etilishi orqali ular endi hamkorlikda ishlaydi, Nukusda tadbirkorlikni rivojlantirishadi.

– 850-900 kilometr yo‘l bosib kelib Nukusni obod qilayotgan, bizga bu borada yaqindan ko‘mak berayotgan Samarqand viloyati va tuman, shahar hokimliklariga, viloyat tadbirkorlariga minnatdorlik bildiramiz, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev. – Ularning beminnat ko‘magi bilan Nukus tumani markazi va barcha mahallalarimiz obod bo‘lmoqda. Yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etilmoqda. Eng muhimi, odamlarning turmush tarzi o‘zgaryapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston tumanlariga mamlakatimiz viloyatlarining biriktirilishi bugungi shiddatli zamonda barcha hududlarni birdek rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur majmua yaqinidagi, bir necha yillik tarixga ega “Imom eshon" jome masjidi uchun 12 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, yangi bino bunyod etildi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 700 kishining ibodat qilishi uchun sharoit yaratildi. Samarqand viloyati va Nukus tumani faollari yangi masjid ochilishida ishtirok etib, yurtimizdagi tinchlik barqaror, elimiz omon bo‘lishini tilab duo qildi.

So‘ngra Aqmang‘it shaharcha fuqarolar yig‘inining yangi binosi va kutubxona ochilish marosimi o‘tkazildi.

– Shu paytgacha eski, yetarli sharoit bo‘lmagan binoda ishlardik, - deydi Aqmang‘it shaharcha fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Xalbay Uteganov. - Samarqandlik do‘stlarimiz tomonidan 3,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, qurilgan yangi binoda ishlashimiz uchun barcha qulayliklar bor. Yana bir quvonchli tomoni kutubxona ochilgani bo‘ldi. Bu shaharchamiz aholisi, ayniqsa yoshlar uchun yaxshi sovg‘a hisoblanadi.

Baqanshaqli ovul fuqarolar yig‘ini uchun “Jomboy yashil chiroqlari" MChJ tomonidan 1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, bunyod etilgan binoda ham ovul xodimlari va aholisi uchun zarur sharoit yaratilgan. Xonalar kerakli mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan. Mahalladagi qurilish-obodonlashtirish ishlari davomida 2 va 15-umumta’lim maktablari uchun qo‘shimcha sinfxonalar qurib berildi. Maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilindi.

– Samarqandliklarning ovulimizdagi bunyodkorlik ishlaridan, aholiga ko‘rsatayotgan yordamidan juda xursandmiz, – deydi Dametken Tajiddinova. – Men 74 yoshga kirib, bunday keng ko‘lamli ishlarni ko‘rmagandim. Bu avvalo, Prezidentimizning qoraqalpoq eliga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi, qolaversa, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy do‘stligi natijasidir.

Shu kuni Arbashi mahallasining rekonstruksiya qilingan binosi va yangi mini futbol stadioni foydalanishga topshirildi. Samarqandlik tadbirkorlar ko‘magida Samanbay mahallasida tashkil etilgan “Set Nukus-textile” va Qrantov mahallasidagi “Aqmang‘it kamalak invest” tikuvchilik korxonalariining ochilish marosimi o‘tkazildi. 40 milliard so‘mdan ortiq investitsiya evaziga faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ikkala korxonada ham mahallaning 100 nafardan xotin-qizlari domiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Gastronomik turizmni rivojlantirish maqsadida tuman markazida “Samarqand osh” markazi tashkil etildi, tuman markaziy istirohat bog‘i rekonstruksiya qilindi.

Tadbirlar doirasida Nukusdagi barcha mahallalarda Samarqand viloyati tuman va shaharlari, tadbirkorlari tomonidan madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirildi. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga uy-ro‘zg‘or buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari, bolalarga qishki kiyim-bosh sovg‘a qilindi.

Yil yakuniga qadar Nukusda yana bir qator ob’yektlarni foydalanishga topishirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Kerder mahallasidagi madaniyat uyi binosi yangitdan quriladi. “Navobod naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 35 milliard so‘mlik parrandachilik kompleksi, “Jasmina Fruit Klaster” MChJ tomonidan 6 milliard so‘mlik sovutkichli omborxona tashkil etiladi. O‘z navbatida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar davom ettiriladi.

Kun davomida o‘tkazilgan tadbirlar, samimiy muloqotlarda ikki tomon faollari Samarqand va Nukus o‘rtasidagi masofa uzoq bo‘lsa-da ko‘ngillarning yaqinligi, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining mushtarak tarixi va do‘stligi tufayli aloqalar mustahkamlanib borayotgani hamda yanada rivojlanishi alohida ta’kidlandi.

–  Biz qoraqalpog‘istonlik do‘stlarimiz bilan yana Nukusda, Samarqandda ko‘rishguncha deb xayrlashdik, bu tarixiy zaminga yaxshi sabablar bilan yana kelishni dilimizga tugdik, – deydi pastdarg‘omlik mehnat faxriysi Aminjon G‘afforov. – O‘z navbatida nukuslik do‘stlarimizni Samarqandga, Past Darg‘omga taklif qildik. Nukus va nukusliklar endi bizga begona emas, ular Samarqandning, bizning yaqinlarimiz.

G‘olib HASANOV,

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.

***

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.