Nurga oshiq odam

Domlalar turfa bo‘ladi. Kimdir dars qoldirmaydigan intizomli talabani xush ko‘radi, kimdir kiyinish odobiga, yurish-turishiga e’tibor qaratadi, boshqa birov muomalasiga qarab munosabatda bo‘ladi. Har qancha bag‘rikenglikka intilma talabalarning bariga teng munosabatda bo‘lish mushkul savdo.

Agarda pedagog talabalarga baholar bilan, yaqinlashayotgan sessiya mavsumlari bilan po‘pisa qilib, o‘zining o‘lchoviga sola boshladimi, bilingki, u sizdan qotib qolgan tizimning yana bir ijrochisini yacamoqchi. Lekin ora-orada talaba ruhiyatidagi erkni tanib, o‘sha hurlikni qadrlaydigan ustozlar ham chiqib qoladi. Bu o‘ta kamyob hodisa.

Shu jihatdan Akbar Nurmatov yoshlardagi o‘zgachalikni ko‘ra oladigan o‘zgacha ustoz. Shaxsan bizning avlod uchun Nurmatov domla topildiq edi. Miyig‘ida kulimsirashi, istehzoli kesatiqlari, biror fikr yoqmasa g‘ijim  gazet misol yuzining tirishib ketishi, buning aksi bo‘lsa yuz-ko‘zida shumlik yugurishi - bari uning yuragi ochiq, tuyg‘ulari tirik odam ekanini ko‘rsatadi.  Nimaga ensasi qotdi, nima uni kulgisini qistatdi, bari uning yuz-ko‘zida mujassam. Bir aktyorga asqotadigan yuz ifodalari va ishoralari bisyor qiyofa. 

U go‘zallik shaydosi. Aniqrog‘i, ozod ruhdan chiqayotgan nur go‘zalligining shaydosi. Akbar Nurmatov ta’lim sohasida qanaqangi katta lavozimlarda ishlamasin, shu xususiyat uni tark etmadi. U tirik odamligicha qoldi. O‘tgan yillar uning hayratini o‘chira olmadi. Ehtimol, o‘ziga chetdan qarab, o‘z ustidan kula olgani uchun ichidagi erk o‘lmagandir. Na talabalik davrimda, na o‘qituvchilik faoliyatimda Nurmatov domladek ota pedagogni hozircha uchratmadim.

Shahnoza orqali “ota Nurmatov”ni taniganman. Akbar aka fakultet dekani bo‘lgan kezlarda qizining baholariga aralashmasdi, avvalo, Shahnoza ham buni xohlamagan. U istagan taqdirda ham otasidan qanday antiqa javob eshitishini bilardi. O‘zi o‘sha dargohda ishlab turib (kamida fakultet dekani bo‘lsa!), farzandi mavsumni uch bahoga yopgan pedagogni hanuzgacha bilmayman. Milliy universitetda dars berganimda darslarga kelmagan bolasining bahosi bilan talashgan otalarni ko‘rganman. Ota-onasi shu yerda ishlab turib, past baho olishi talabadan ko‘ra baholovchi o‘qituvchi uchun uyatli hol edi. Tizimda  shunaqa ko‘nikma shakllangan. Lekin Akbar akaning bu boradagi yo‘rig‘i butkul boshqa. U dala guli iforini qadrlar, qizining issiqxona gullari safida turishi domla uchun kulgili edi. Shu bois bolasining qog‘ozlarda sarg‘ayib ketadigan reytingi bilan emas, bir umr o‘zida qoladigan mulki bilan qiziqardi.

Shahnoza Lev Tolstoy publitsistkasi bo‘yicha diplom ishini yozganda taqrizchi edim. O‘shanda Akbar aka “himoya bir kunda o‘tadi-ketadi, keyin hech kim eslamaydi ham, faqat sizdan iltimos, Shahnozaga ko‘proq adabiyotlarni tavsiya qiling, uning o‘ziga nimadir yuqsin, muhimi shu”, degan edi. Gohida Shahnoza bilan “adang hech qarimaydilar-a, yoshlar bilan ishlashning  ta’sirimikan”, deb o‘zimizcha kulamiz. Lekin buning javobini o‘zim bilaman. Akbar Nurmatov doim yo‘lda, u yangiliklardan qo‘rqmaydi, ommaga odobsizlik bo‘lib tuyulgan narsalardan jasorat topadi, yoshlik beboshliklarida samimiyat ko‘radi. Qizig‘i, bugun bobolik maqomiga erishgan odam bola tarbiyasi haqida, oila haqida hayot boshida turgan tajribasiz yo‘lovchi kabi ehtiyot bo‘lib mulohaza yuritadi. “Masalan, men” yoki “mening bolam” kabi o‘z-o‘zini ibrat ta’kidlaridan uzoq. Zarurat tug‘ilganda ham farzandlarini kinoya-kesatiqlar bilan tilga oladi.

Lekin bu kinoyalarda halovat yashirinib yotganini, ildizi chuqur rishtalar pinhonligini sezasiz. Bu kabi odamlar davrasida juda erta “cholbola”ga aylangan, “hayotning tagiga yeti-i-ib qo‘ygan” qarimsiq tilingni uzib tashlasam deysan. 

Ular yoshligini yuragida cho‘ktirgan odamlar. Ehtimol, shuning uchun ham talabalar bu insonga talpinar, unutmas... Uzoq yillik bo‘lar-bo‘lmas qog‘ozlar uning ruhiga qabr bo‘la olmadi.

Iqbol Qo‘shshayeva.

***

Filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti, respublikamizdagi ko‘plab jurnalistlarning ustozi Akbar Nurmatov 60 yoshga to‘ldi.

Ustozni saytimiz jamoasi nomidan qutlab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz.