“Nuriya”

Ojiz bandalarmiz. Bilib-bilmay kimningdir diliga ozor yetkazamiz, og‘zimizdan nojo‘ya so‘z chiqadi, qulog‘imizga yomon gaplar chalinadi. Ba’zan ro‘zador bo‘lib ham yolg‘on gapiradigan, o‘ksik dillarga ozor beradiganlar bor. Ammo shunday insonlar borki, tug‘ilganidan beri nurga belangan, chehrasida poklik, ko‘zlarida beg‘uborlik jilvalanadi. Ular dunyoga farishta misol kelib, shundayligicha ketadilar...

Oysha erta tong saharlik qilish uchun uyg‘ondi. Tong shu qadar musaffo ediki, ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi. Yuvinib bo‘lgach, sekin borib onasini uyg‘otdi.

- Jannatim, saharlik qilib oling, yarim soat vaqt qoldi, - dedi mehr bilan.

Jamila xola erinibgina o‘rnidan turdi. Yuvinib, qizi tayyorlab qo‘ygan sirchoy bilan saharlik qildi. So‘ng xavotir bilan qiziga qaradi:

- Qizim, ko‘nglim g‘ash. O‘zing nimjon bo‘lsang, qoning kam. Ro‘za tutmay qo‘yaqol. Qon bosiming tez-tez tushib ketyapti.

Oysha mayin jilmaydi:

- Ko‘p o‘ylamang, kuchliman. Yaratganning o‘zi madad beradi. Oxirigacha tutaman, - dedi qat’iyat bilan.

Ona-bola bomdod namozini o‘qib, tongni zikr bilan qarshi olishdi.

Oysha bir yildan beri arab tilini o‘rganardi. Arab tilidan ancha xat-savodi chiqib qolgandi. Endigina o‘n sakkiz yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, taqvosi, odobi bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozongandi. Ayollar davrasida uni otinoyilikka chaqirishardi. Qishloqda hamma uni yaxshi ko‘rardi. Chehrasidan nur taralib turar, shu sabab ko‘pchilik uni “farishta qiz” deb atardi. Ba’zilar “Nuriya” derdi.

Oysha haqidagi gaplar qo‘shni qishloqlargacha yoyildi. Unga og‘iz solib keluvchilar ham ko‘paydi. Oxiri ota-onasining roziligi bilan taqvodor bir yigitga unashtirildi.

Kunlar o‘tdi.

Bir kuni Oysha ayollar davrasidan qaytganda onasi va buvici:

- Qanday bo‘ldi davra? Charchamadingmi? - deb so‘rashdi.

- Biroz toliqdim, dam olaman, - dedi va xonasiga kirib ketdi.

O‘sha tun u g‘aroyib tush ko‘rdi. Ikki farishta ikki yonidan ushlab, uni benihoya go‘zal bog‘ga olib kirishdi. U yerda unga oppoq, harir libos kiydirishdi. Atrofni mislsiz mushk-anbar ifori tutgan, turfa mevalar jilvalanib turardi. Oysha o‘sha bog‘da huzur bilan sayr qildi.

Tongga yaqin uyg‘ondi. Tepasida onasi va buvici ko‘zida yosh bilan turishardi.

- Qizim, qo‘rqitib yubording-ku bizni! - dedi buvici.

Oysha tabassum qildi.

- Xavotir olmanglar, men yaxshiman, qattiq uxlab qolibman.

- Biron narsa yeysanmi, bolam? - so‘radi onasi.

- Yo‘q, onajon. Qornim to‘q, - dedi u so‘lg‘inlik bilan.

So‘ng yuvindi, namoz o‘qidi. Go‘yo yaqinlarini boshqa ko‘rmasligini sezgandek, ularni birma-bir bag‘riga bosdi. Ukalarini erkalab, mehr bilan yuzlariga termuldi. Uning chehrasi har qachongidan ham nurli edi.

Oysha iftorlikka yaqin buvicining yoniga kelib o‘tirdi.

- Buvijon, kecha oqshom tushumda menga oq ipak libos kiydirishdi. Ikki farishta qo‘limdan ushlab olib ketdi. U yer shunchalar go‘zal ediki, mushk-anbar hidlari taralib turibdi, - dedi va o‘rnidan turib buvicini quchdi.

- Onang iftorga tayyorlanyapti, iftorlik qilamiz, qizim, - dedi buvici.

Oysha javoban jilmayib:

- Qornim to‘q, buvijon, uyqum kelyapti, - deya xonasiga kirib ketdi.

Buvining ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi.

- Jamila! - deb chaqirdi. - Oyshadan xabar olchi. G‘alati gaplar aytyapti… Yuragim…

Jamila xola xonaga chopdi. Eshikni ochib ichkariga yugurdi. Uy ichini larzaga solgan faryod yangradi:

- Voy, bolam…!

Oysha farishta misol yotardi. Go‘yo birozdan so‘ng jilmayib ko‘zini ochadigandek edi. Ammo u allaqachon o‘z tushida ko‘rgan bog‘ga bir qush misol uchib ketgan edi.

Onaning faryodi tong sukunatini tilka-pora qildi…

Fotima ERGAShEVA,

Narpay tumani.