Nurobod tumaniga yangi tayinlangan hokim haqida nimalar ma’lum?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Berdiqulov Sirojiddin Valiqulovich 1979 yilda Jomboy tumanida tug‘ilgan.

2000 yilda Toshkent moliya institutini, 2003 yilda ushbu institutning magistratura yo‘nalishida o‘qib, tamomlagan. 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik tijorat “Paxtabank”ning Samarqand viloyati boshqarmasida mutaxassislikdan boshlagan.

Keyinchalik Moliya vazirligi agrosanoat majmuini moliyaviy tartibga solish bosh boshqarmasi bo‘lim iqtisodchisi, so‘ngra bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari hamda iqtisodiy tahlil qilish, qishloq va suv xo‘jaligi moliyasi jamlama bo‘limi bosh iqtisodchisi bo‘lgan.

2010 yilda vazirlikning narxni shakllantirish jamlama boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, ikki yil o‘tib, mazkur boshqarmaning tovar bozorlarida narxlarni tahlil qilish va monitoring bo‘limi boshlig‘i, so‘ngra boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2017 yilda Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, 2019 yildan shu paytgacha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.