Nurobodda “Cinema City Sollywood” kino shaharchasi quriladi (video)
Joriy yilning 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumida Nurobod tumani hokimligi tomonidan 45 million AQSh dollarlik kelishuv imzolangandi.
Jumladan, Nurobod tumanining Oqsoy hududida 2017 yildan buyon loyihalashtirib kelinayotgan “Hollywood” nusxadagi kino olish shaharchasini qurish ishlari boshlanishi arafasida. Bugungi kunda ushbu loyihaga AQShning “Daha Usa Group” va Xitoyning “Yiwu Compass Trading” kompaniyalari tomonidan umumiy qiymati birinchi bosqichda 15,0 million AQSh dollari miqdorida investitsiya mablag‘larini kiritish rejalashtirilgan.
Loyiha uchun kerak bo‘ladigan yer maydoni 160 gektar bo‘lib, bu yerda “Cinema City Sollywood” kino shaharchasi quriladi. Unda zamonaviy tipdagi 3-4 yulduzli mehmonxonalar, restoran va kafelar, dam olish va istirohat (bulvar, tropik) bog‘lari, akvapark, kinoteatr, konsert va konferensiya zallarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyiha 2022 yilda to‘la quvvatda ishga tushirilgandan so‘ng 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Loyihada qo‘shimcha ravishda avtomobil ishqibozlari uchun “Avtoralli yo‘lagi”, turizm sohasini rivojlantirish va turistlar oqimini ko‘paytirish uchun “Okeanarium” (sun’iy okean) barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Jamshid ShARIPOV,
Nurobod tumani investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.