Nurobodda o‘zlarini IIB xodimlari deb tanishtirib, tovlamachilik qilgan 3 nafar shaxs qo‘lga olindi
2020 yil 23 avgust kuni Nurobod tumani IIBga, Nurobod tumani Kechkeldik MFYda yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan F. ariza bilan murojaat qilib, 2020 yil 19 avgust kuni soat 23:00 da Nurobod tumani hokimligi binosi oldidagi ko‘chada piyoda ketayotgan vaqtida, “VAZ-2106” rusumli avtomashinada 3 kishi kelib, o‘zlarini ichki ishlar bo‘limidan ekanliklarini aytadi.
Keyin ulardan biri unga qizil rangli guvohnoma ko‘rsatib, ular bilan IIBga borishini talab qilib, avtomashinaga mindirganligini, undan karantin qoidalarini buzib, tungi vaqtda nima maqsadda ko‘chada yurganligini so‘rab, ma’muriy bayonnoma tuzib, eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarima jazosiga tortishlarini bildiradi. Uni qo‘yib yuborishlarini so‘ragan vaqtida undan pul talab qilganliklarini, "Mayli qancha pul kerak bo‘lsa yonimda borini beraman" - deb, aytgan vaqtida, ulardan biri qo‘l telefoniga uning gaplarini yozib olib, “Sen bizga pora bermoqchimisan? Mana endi ushbu gaping uchun ham o‘zingni “pora berish” jinoyati bilan jinoiy javobgarlikka tortamiz” – deb, qo‘rqitib, Nurobod tumani IIB binosiga yaqin joygacha avtomashinada olib borib, javobgarlikka tortmaslik evaziga tovlamachilik yo‘li bilan yonida bo‘lgan 462.000 so‘m pullarini olganliklarini, ushbu 3 nafar noma’lum shaxslarni topib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Nurobod tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu tovlamachilik jinoyatini, Nurobod tumani Sh.Yulduzi mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan D., 1997 yilda tug‘ilgan T. va Nurobod tumani A.Temur mahallasida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan Sh. lar sodir qilganligi aniqlanib, ulardan qizil rangli, tashqi qismida gerbli tamg‘asi bo‘lgan guvohnoma, “Nonor” rusumli uyali telefon apparati va 240.000 so‘m pullar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan.
Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolardan shu kabi holatlarga duch kelgan vaqtlarida zudlik bilan IIVning 1102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘ragan.