Nurobodda sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik shakllanmoqda
Nurobod tumanidagi Olg‘a mahallasi hududida Turkiya texnologiyasi asosida yomg‘irlatib sug‘orish tizimini qo‘llash ishlariga kirishilmoqda.
Turkiyaning mashhur “AFKO” firmasi brendi ostida ishlab chiqilgan “Pivat” deb ataluvchi maxsus qurilma 50 gektar yer maydonini doira shaklida bir tekis sug‘orish imkonini beradi.
- Uskuna lalmikor yerlarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan, - deydi tadbirkor Faxriddin Qarshiyev. – Intensiv sug‘orish orqali biz sezilarli darajada suvni tejash imkoniyatiga egamiz. Suv zaxiralarimiz yer osti suvlari va maxsus hovuzlardan iborat. Sentyabr oyidan bug‘doy, arpa kabi donli ekinlar ekib, yangicha sug‘orish uslubini sinovdan o‘tkazamiz.
Biz bu ma’lumotlarni Nurobod tumani hokimligi tashabbusi bilan ushbu mahallada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hududdagi yangilik va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari hamda blogerlar uchun o‘tkazilgan press-turda oldik. Tadbirkorning aytishicha, u kelgusida 600 gektar yer maydonida ana shunday qulay dehqonchilik qilishni maqsad qilgan.
Jasurbek ShUKUROV.