Nuroniylar qo‘l qovushtirib o‘tirishmaydi

Keksalarning hayotiy tajribasi doimo jamiyat rivoji uchun xizmat qilgan. Bu ibratni biz pandemiyaga qarshi kurash jarayonida ham ko‘rayapmiz. Ma’lumotlarga qaraganda, viloyatimizdajismoniy imkoniyatlari qoniqarli, faolikka qodir 160 ming nafar faxriylar istiqomat qilishadi. Mamlakatimiz uchun tashvishli onlarda bu otaxon va onaxonlar yurtboshimiz da’vatiga asosan elga haqiqiy madadkor bo‘lishmoqda.
Jumladan, Samarqand tumani, Chorshanba mahallasida yashovchi 90 yoshli Hamidbobo Nabiyev, Ishtixon tumani, “Ravot” mahallasida yashovchi Ziyotbobo Qo‘chqorov, Ishtixon mahallasida yashovchi Erkin bobo Do‘stmurodov, Pastdarg‘om tumani, “Amir Temur” mahallasida yashovchi Haydarbobo Ergashevlar nevara-evaralari bilan dars tayyorlash, kitob o‘qish mashg‘ulotlari bilan birga shaxmat-shashka o‘yinlari bilan shug‘ullanishayotgan bo‘lsa, Oqdaryo tumanidagi Temirak mahallasida yashovchi Muxtasarmomo Erdonova singari buvijonlar nevaralari darsi va tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqda.
Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘rg‘on” mahallasida istiqomat qiluvchi Obloqulbobo Ne’matov, Oqdaryo tumanidagi Temirak mahallasida yashovchi Do‘stmurodbobo, Nurobod tumani, Tim qishlog‘ida yashovchi Hayitmurodbobo Yo‘ldoshev, Jomboy tumani, “Qo‘rg‘onsalamon” mahallasida yashovchi Soidbobo Nosirovlar singari tabarruk otaxonlar esa nevara-evaralariga tomorqadan daromad olish sirlarini o‘rgatish bilan birga qo‘llariga ketmon olishib ularga o‘rnak ko‘rsatishmoqda.
Oziq-ovqat do‘konlari va shahobchalarida, bozorlarda, dorixonalarda narx-navoni asossiz oshirish, sun’iy taqchillikni keltirib chiqarilishining oldini olish maqsadida 2 ming nafardan ortiq nuroniylarimiz o‘zlari yashaydigan xududlarda karantin talablarini buzmagan, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda jamoatchilik nazoratini olib boryotganligi ham quvonarli holatdir.
Qadimdan “Erkak kishi tashqari odami, u oila ta’minoti uchun mas’ul”, deb bekorga aytilmagan. Karatin sharoitida kunlik ishlar va yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek nooziq-ovqat do‘konlarida, umumiy ovqatlanish muassasalarida ishlovchi ba’zi erkak kishilar vaqtinchalik uylarida o‘tirib qolishdi. Bu esa ayrim hollarda er-xotin o‘rtasida oila-turmush munosabatlari doirasidagi kelishmovchiliklarga ham olib kelishi ham haqiqat, albatta. Bu muammo ham faol faxriylarimizning e’tiboridan chetda qolmayati. Bunday oilalar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va faollar orqali aniqlanib, muammolari o‘rganilmoqda hamda bartaraf etish orqali oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, joriy yilning mart va aprel oylarida o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda, karatin talablariga va gigiyena qoidalariga amal qilgan holda bir qancha muammoli oilalar bilan muloqotlar o‘tkazilib, kelishmovchiliklarga barham berildi.
Jumladan, Ishtixon tumani, Zirabuloq,Narpay tumanidagi Toshko‘prik, Nurobodning Agron, Bunyodkor, Bulung‘ur tumanidagi Kaptarxona, Eliobod, Toyloqdagi Xoncharbog‘, Urgut tumanidagi “Choshtepa”, Samarqand tumanidan Diyor, Payariq tumani Do‘stlik, Tomoyrot mahalalarida yashovchi ko‘plab oilalarda er-xotinlar murosaga keltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 martdagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlash munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10,0 mln. so‘mdan bir yo‘la pul mukofoti belgilanishi ularni g‘oyat mamnun etdi.
Ushbu mukofot pullarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli tashkiliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tadbirlar doirasida urush qatnashchilarining hollaridan xabar olinib, yashash sharoitlari o‘rganilmoqdv va aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilmoqda. Shu bilan birga sovg‘a-salomlar ulashilmoqda. Biz ham ularning har biriga 2 donadan choyshab jamlanmalari, 1 donadan ko‘rpa-yostiq jamlamalari sovg‘a qildik. Ko‘rsatilayotgan e’tibordan ularning ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarilib, davlatimiz rahbariyatiga, sahovatli xalqimizga samimiy minnatdorliklarini izhor etishmoqda.
Hasan Normurodov,
Samarqand viloyat, Mahalla va oilani
qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi
boshlig‘ining o‘rinbosari,
Oliy Majlis Senati a’zosi.