“Nyu-York – Toshkent” reysida to‘polon ko‘targan yo‘lovchi bog‘lab qo‘yildi
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga qarashli “Nyu-York – Toshkent” yo‘nalishi qatnovini amalga oshirayotgan yo‘lovchi samolyoti bortida yuzaga kelgan to‘polon to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Bugun, 21 oktyabr kuni “Nyu-York - Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirgan HY102 qatnovini poytaxt aeroportida transportdagi tarmoq ichki ishlar bo‘limi xodimlar kutib olishdi.
Mast holatda bo‘lgan 51 yoshli erkak samolyot bortida to‘polon ko‘tarib, o‘z joyini egallash haqidagi tanbehlarga e’tibor bermasdan, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan bortkuzatuvchilarni va atrofda o‘tirgan yo‘lovchilarni haqorat qilgan.
U o‘zining nojo‘ya harakatlari bilan parvoz xavfsizligini, shu bilan birga, barcha yo‘lovchilar va ekipajning hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Qatnov yo‘lovchilari ekipajga yordam ko‘rsatdilar hamda qoidabuzarni o‘rindiqqa bog‘lab qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahriga yetib kelgandan so‘ng aviato‘polonchi transportdagi tarmoq ichki ishlar bo‘limi xodimlariga topshirildi.
Milliy aviakompaniya reys yo‘lovchilaridan noqulaylik uchun uzr so‘rab, ekipajga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan.