Transport vazirligi «Toshkent–Moskva» yo‘nalishidagi muntazam aviqatnovlar va chipta narxlari yuzasidan izoh berdi

«Toshkent–Moskva–Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha 2021 yilning aprel oyidan boshlab, har shanba kuni muntazam aviaqatnovlar qayta joriy etilgani ma’lum qilingandi. Mazkur yo‘nalishda muntazam aviareyslar va chipta narxlari yuzasidan Transport vazirligi izoh berdi.

Qayd etilishicha, ayni damda aholi vakillaridan mazkur yo‘nalishdagi muntazam qatnovlarga chiptalarning sotuvda qolmaganligi bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda. Ushbu vaziyat yuzasidan vazirlik quyidagilarni ma’lum qilgan.

«Aynan Rossiyaga O‘zbekistondan boruvchi yo‘lovchilar oqimining haddan tashqari ko‘pligi, bugungi epidemiologik vaziyat tufayli transportning boshqa turlarida qatnovlarning amalga oshirilishiga ruxsat etilmaganligi, aviaqatnovlar sonining ham cheklanganligi talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikning keskin ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Pandemiyagacha bo‘lgan davrda O‘zbekictonning turli hududlaridan Rossiya Federatsiyasiga ’Uzbekistan airways’ avikompaniyasi haftasiga 87 ta reys bajargan bo‘lsa, Rossiya aviakompaniyalari mamlakatimizning turli shaharlariga haftasiga 97 reys amalga oshirgan. Faqatgina aviaqatnovlar orqali haftasiga 40 000 dan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Toshkent–Moskva, Andijon–Moskva, Toshkent–Qozon, Toshkent–Volgograd, Toshkent–Saratov, Toshkent–Novosibirsk, Toshkent–Ufa, Andijon–Ufa yo‘nalishlarida muntazam ravishda haftasiga 13 ta poyezd qatnovlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga, Toshkent–Moskva, Toshkent–Sankt-Peterburg, Toshkent–Qozon, Toshkent–Nijniy Novgorod, Toshkent–Omsk, Toshkent–Novosibirsk yo‘nalishlarida haftasiga 12 marotabadan avtobus qatnovlari amalga oshirib kelingan», deyiladi xabarda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, aynan yuqorida keltirib o‘tilgan ko‘rsatkichlarning o‘zi haftasiga bor-yo‘g‘i bir marotaba amalga oshirilayotgan muntazam aviqatnovlarga chiptalarning nima uchun ayni damda sotuvda qolmaganligiga izoh bo‘la olishi mumkin. Turli transport qatnovlaridan foydalangan yo‘lovchilarning barchasi hozirda o‘rnatilgan cheklov choralari sabab faqatgina aviqatnovlar orqaligina safarni amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda.

Shuningdek, Transport vazirligi aviachipta narxlarini sun’iy ravishda oshirib sotish maqsadida «Uzbekistan airways» kompaniyasi agentlari tomonidan chiptalarni oldindan sotib olinganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan da’volar esa mutlaqo asossizligini qayd etgan.  Xususan, «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi tomonidan ayni damda Toshkent–Moskva yo‘nalishida bajarilayotgan muntazam aviaqatovlar uchun ekonom klass chipta narxi bir tomonga 4 200 000 so‘mgacha, biznes klass chipta narxlari esa 10 736 222 so‘mgacha sotilmoqda.

Shu o‘rinda yo‘lovchilardan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun chiptalarni tezlashtirib xarid qilish xizmatlarini taklif qiluvchi shubhali shaxslarga murojaat etmasligini so‘rab qolamiz. Chiptada ko‘rsatilgan va o‘zingiz to‘lagan narxni taqqoslashingizni tavsiya etamiz.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasiga O‘zbekistonning turli hududlaridan charter qatnovlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi yolg‘on xabarlar tarqatilib, fuqarolarga aldov va tovlamachilik yo‘li bilan chiptalar sotuvini tashkil etayotgan guruhlarning faollashgani kuzatilgan.

Transport vazirligi fuqarolardan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonib, aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida charter reyslarini amalga oshiruvchi avikompaniyalarning parvozni bajarishiga ruxsat etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Fuqaro aviatsiyasi agentligi rasmiy veb-saytidan aniqlashtirib olishlarini tavsiya etgan.

Eslatib o‘tamiz, charter reyslari orqali uchish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar RF hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r farmoyishiga ko‘ra, mamlakatga kirish uchun chipta xarid qilishda asos bo‘lishi shart.

Hozirda Transport vazirligi Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam aviareyslar sonini ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Barqaror epidemiologik vaziyat saqlanib turgan taqdirda nafaqat aviaqatnovlarni balki temir yo‘l qatnovlarini qayta tiklash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga vazirlik fuqarolardan mavjud vaziyatga to‘g‘ri baho berishlariga umid qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noxolis ma’lumotlarga chalg‘imasliklarini so‘ragan.