Nyu-Yorkda koronavirusdan uch nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 6 aprel kuni 1969 yilda tug‘ilgan mamlakatimiz fuqarosi R.X. koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishi oqibatida mahalliy klinikada vafot etdi.
22 mart kuni R.X.da kasallikning birinchi alomatlari qayd etilgan edi. Uning sog‘lig‘i keskin yomonlashishi munosabati bilan 2 aprel kuni kasalxonaga yotqizilib, o‘pkani sun’iy shamollatish apparatiga ulandi va sun’iy komaga tushirildi.
Hozirgi paytda Bosh konsulxona diasporal tashkilotlari rahbarlari va faollari bilan birgalikda uning dafn marosimi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi.
Kecha Tashqi ishlar vazirligi AQShning Nyu-York shahri, Bruklin tumanida ikki o‘zbekistonlik koronavirusdan vafot etganini xabar qilgan edi.
Mamlakatimiz fuqarolari – Z.H. va H.S. mahalliy shifoxonalarda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishi oqibatida vafot etgan.
Ushbu davrda Bosh konsulxona marhumlarning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turdi.
AQShda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasi (tel: +1-202-887-5300 (ichki.1)) va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel: +1-212-754-7403) murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.