O‘quv-ishlab chiqarish majmualari xalqimiz istagi, hukumat talabiga mos faoliyat yurityaptimi?

Bugun 1029 maktabda 10-sinf tashkil etilgan bo‘lib, ularda 31 ming 502 nafar o‘quvchi tahsilni davom ettirmoqda. O‘quvchilarni kasbga tayyorlash maqsadida 124 kasb-hunar kolleji, 58 maktabda 40 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu majmualarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlarini o‘qitish barobarida, haftada bir kun maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlik talab etmaydigan kasb-hunar sirlari o‘rgatilmoqda.
Jomboy iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmuasida tumandagi 6 maktabning 191 nafar 10-sinf o‘quvchisi kompyuter operatori, hisobchi, tikuvchilik yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar egallashi belgilangan ekan. Ammo joriy yilning 6 fevral kungi o‘quv jarayonida ishtirok etib, mashg‘ulotlar ko‘ngildagidek o‘tkazilmayotganligiga guvoh bo‘ldik.

D.Zoirov rahbarlik qilayotgan kompyuter operatorligi yo‘nalishi bo‘yicha kasb o‘rgatilayotgan 101-guruhda 21 nafar o‘quvchidan 17 nafari ishtirok etyapti. Kompyuterdan foydalanish sirlari o‘qitilayotgan sinfda birorta kompyuter yo‘qligi bizni ajablantirdi. O‘quvchilarning hech biri o‘tilgan mavzular yuzasidan ma’lumotga ega emas.
Tikuvchilik yo‘nalishidagi 107-guruhda o‘quvchilar to‘liq ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, mashg‘ulot xonasi kerakli jihozlar bilan ta’minlanmagan. Xonada ikkita nosoz tikuv mashinasi bor, xolos. "Erkaklar ko‘ylagini tikish" mavzusidagi darsda qizlar nazariy ma’lumotlar yozish bilangina kifoyalanyapti. Buning sababini o‘qituvchi xomashyo berilmagani bilan izohladi.

Hisobchilik guruhida 19 o‘quvchining 4 nafari darsga kelmagan. Bunga guruh rahbari B.Shonazarovning izohi tushunarsiz bo‘ldi: "Bir o‘quvchimizning mazasi yo‘q. Uch nafari stadionda futbol tomosha qilyapti".
Jomboy maishiy xizmat kasb-hunar kollejida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmuasida to‘rt maktabdan 120 nafar o‘quvchiga besh yo‘nalish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tiladi. Majmua xonalari kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. O‘quvchilar elektron hisoblash, maishiy xizmat mashinalarini ta’mirlash, oshpazlik, radiotexnika, tikuvchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha darslarda qatnashyapti.

– Yoshligimdan tikuvchilikka qiziqardim, – deydi 40-maktab o‘quvchisi D.Elbekova. – Majmuadagi mashg‘ulotlarga qatnab, qo‘lda paypoq, sharf to‘qish, ayollar uchun ko‘ylak tikish sirlarini o‘rganyapman. Ustozdan juda minnatdorman, kasb ko‘nikmalarini o‘zlashtirishimda yordam beryapti. Yaqinda oyim uchun ko‘ylak ham tikdim.
Jomboy tumanidagi o‘quv-ishlab chiqarish majmualaridagi ta’lim jarayonlarini kuzatish mobaynida kollejlarning birida muammolar mavjudligi, ikkinchisida ijobiy sa’y-harakatlar qilinayotganiga amin bo‘ldik. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, farzandlarimizning kasbiy mahoratini oshirish masalasiga joylarda bir xil yondashilmayapti.

Olim SONNIBOYeV.