O‘zLiDeP deputati “Ilonsoy – Siyob bozor” yo‘nalishida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun so‘rov yubordi

“Obod qishloq” dasturi doirasida hududda “Mahalla markazi”, “Nuroniylar choyxonasi”, savdo do‘konlari, 20 o‘rinli xammom, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi, dorixona, kichik futbol maydonchasi qurish rejalashtirilgan. Biroq hozirga qadar natijadan darak yo‘q.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning viloyat Kengashi, xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashidan iborat ishchi guruh a’zolarining o‘rganishlari natijasida bu yerda ham ko‘plab muammolar to‘planib qolgani oydinlashdi.

Oqova va ichimlik suvi tanqisligi, gaz ballonlarning o‘z vaqtida yetib kelmasligi, ichki yo‘llarning ta’mirtalabligi, yoshlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yetarli sharoit yaratilmagani shular jumlasidandir.

Yana bir gap. Shu vaqtga qadar “Ilonsoy-Siyob bozori” yo‘nalishi bo‘yicha jamoat transporti yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada maktab o‘quvchilari qishloqdan 15 km uzoqlikda joylashgan Gulobod qo‘rg‘onidagi 38-o‘rta maktabga, aholi esa Siyob dehqon bozoriga qatnayapti.

Ishchi guruh a’zolarining o‘rganish yakunlari partiya viloyat Kengashida muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Xalq deputatlari Samarqand tuman Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari tomonidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Baxtigul QARShIYeVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi