Kim bo‘lsang ham eng yaxshisi bo‘l!

Inson hayotida muvaffaqiyatga erishishni, sohasida eng yaxshisi bo‘lishni orzu qiladi. Ammo faqat orzular bilan ko‘zlangan marralarni zabt etib bo‘lmaydi. Buning uchun tinimsiz mehnat qilish, doimo o‘z ustida ishlash, o‘rganish va rivojlanish kerak. Qaysi kasbni yoki hunarni tanlashingizning ahamiyati yo‘q, muhimi, intilishdir.

Avvalo, maqsadiga intilib yashash insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Yo‘lida uchragan qiyinchiliklarni yengib o‘tishga urinadi. Yaxshi mutaxassis bo‘lish nafaqat o‘zingiz uchun, balki jamiyat uchun ham foydali. O‘z ishining ustasi bo‘lgan inson boshqalarga o‘rnak bo‘ladi, ularni ilhomlantiradi. Ishonchingizni sidqidildan va go‘zal amalga oshirsangiz bu hunar sizga obro‘-e’tibor, hurmat va moliyaviy mustaqillik beradi. Demak, gap kasbda emas, uni tutgan kishida ekan.

Raqobat, hasad va muvaffaqiyatsizliklar inson ruhini tushirishi mumkin. Lekin bu qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kerak. Qiyinchilik - bu o‘sish va rivojlanish uchun imkoniyatdir. Ularni yengib o‘tish uchun sabr-toqatli bo‘lish, o‘z ustida ishlashda davom etish lozim. Irodasi mustahkam matonatli insongina rivojlanishdan va o‘z ustida ishlashdan charchamaydi.

Buning uchun, avvalo, inson oldiga maqsad qo‘yishi kerak. Baland marralarni ko‘zlashdan hech ham cho‘chimang. Shunchaki, o‘qituvchi bo‘lishni emas, eng yaxshi pedagog bo‘lishni, oddiy duradgor bo‘lishni emas, qo‘ligul usta bo‘lishni orzu qiling. Ikkinchidan, har bir qadamingizni o‘ylab, aniq reja asosida harakat qilish zarur. Uchinchidan, muvaffaqiyat osonlikcha kelmaydi, u doimiy harakat va sabr-toqat talab qiladi. To‘rtinchidan, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash zarur.

O‘z sohangizga boringizni berishga tayyor bo‘lganingizdagina muvaffaqiyat eshiklari ochiladi.

Mahliyo Ahmadova,

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi.