“Ochiq muloqot” teleko‘rsatuvida tushgan savol: Qo‘shilgan qiymat solig‘i haqida ma’lumot bersangiz?
Past Darg‘om tumanida yashovchi Uchqun Mardiyevning ushbu savoliga Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Valisher TEMIROV quyidagicha javob berdi:
- Qo‘shilgan qiymat solig‘i, bu tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish), ularni realizatsiya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar (ishlar, xizmatlar) import qilish jarayonida qo‘shilgan qiymat qismining byudjetga ajratiladigan mablag‘laridir.
2019 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga “qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi” kiritildi. Mazkur tartib soliq ma’muriyatchiligi sifatini yaxshilash uchun asos shakllantirish imkonini beradigan o‘tish chorasi bo‘lib, 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda joriy qilinadi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyatini yurituvchi yuridik shaxslar ishlab chiqarilayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilardir. Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish bo‘yicha oborot va import qilish qo‘shilgan qiymat solig‘ining soliq solish ob’yekti hisoblanadi.
Soliq kodeksining 197-moddasiga asosan soliq solinadigan oborotlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliq solinadigan oborotlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lash bo‘yicha majburiyat yuklatiladigan yuridik shaxslar, tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar, oddiy shirkat soliq solinadigan oborotlarni amalga oshirayotganda zimmasiga uning ishlarini yuritish yuklatilgan (ishonchli shaxs) sherik (ishtirokchi) — yuridik shaxslar ushbu oborotlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar bo‘ladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini aylanmasi 3 milliard so‘mdan oshmaydigan korxonalar qo‘llashi mumkin.