Odamiylik o‘lmasin!

Bir o‘rtog‘im avtohalokatdan keyin aqli zaifroq bo‘lib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, ro‘zg‘or tebratishga qurbi yetadi. Hozir ustalik qilib, oilasini boqyapti, ukalarini o‘qityapti. Ikki oy oldin do‘stim bilan ko‘rishganimda uylanish uchun to‘yiga pul yig‘ib qo‘ygani va to‘yni boshlashi bilan xabar qilishini aytgan edi. Biroq, to‘yi ancha vaqt kechikdi.

Yaqinda o‘rtog‘imning otasini uchratib qoldim. Salom-alikdan so‘ng do‘stim va uning to‘yi haqida so‘radim.

- Amaki, jo‘ram yaxshi yuribdimi, anchadan beri ko‘rmadim, uylanmoqchi edi, to‘yni boshladilaringizmi? 

- E, gapirma, o‘sha esi past jo‘rangni... - amaki bolasining kamchiligini aytib, so‘kinib ham qo‘ydi. 

Rosti, otaning farzandi haqidagi bunday xunuk gapidan keyin nima deyishni bilmay, jim bo‘lib qoldim. Xayolimdan "O‘rtog‘im biror nojo‘ya  harakati bilan otasini xafa qilib qo‘ygan bo‘lsa kerak", degan o‘y o‘tdi. Holatga aniqlik kiritish uchun jimlikni buzishga jazm qildim. 

- Tinchlikmi, nima gap, amaki, do‘stim nimadir qildimi, - so‘radim iymanib.

- E, o‘rtog‘ing o‘zi bir aqli zaif bo‘lsa, kim ham unga qizini beradi. Uylantirmayman, undan ko‘ra ishlasin, oilamizga ko‘proq yordami tegadi. Bo‘lmasa ana katta ko‘cha... 

Bu gaplaridan tushundimki, do‘stimning otasi to‘yga ruxsat bermagan. 

- Amaki, u ham odam, uning ham orzulari bor. Oila qurishni, farzandlarini ulg‘aytirib, rohatini ko‘rishni xohlaydi.  Qolaversa, o‘zingiz nabiralar qurshovida keksalik gashtini surishni istamaysizmi? 

Bu gaplarim do‘stimning otasiga yoqmadi shekilli, urishib berdi. 

- Sen kimsanki, menga aql o‘rgatasan, oilamiz ishlariga aralashasan? 

- Amaki, qizishmang, oilangizni ishlarga aralashmoqchi emasman, o‘rtog‘imga achinganimdan gapiryapman. Shu holida hamma ishni qilyapti, nahotki, uning ham baxtli bo‘lishga haqi bo‘lmasa? - deya jhlidan tushirishga urindim do‘stimning otasini.

Ammo qayda, u kishi juda jiddiylashdi. Qovog‘ini solib, tishini qayradi menga. Aftidan, gaplarimni eshitishga, o‘zimni esa ko‘rishga toqati yo‘q edi. Amakiga gapirishning foydasi yo‘qligini tushunib, uzr so‘radim-da, jo‘nadim.

Lekin fikru xayolim o‘z farzandining hayotiga befarq bo‘lgan, uning nuqsonini yuziga solib  yashayotgan ota va ko‘ngli yarim o‘rtog‘imning keyingi taqdiri bo‘lib qoldi. 

Xullas, o‘rtog‘imga yordam bermasam ko‘nglim tinchimadi. Mahalla raisining oldiga borib, holatni tushuntirdim va  masala ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi. 

Ishonish qiyin-a? Ota o‘z farzandiga shunday qilishi mumkinmi, nahotki uning baxtini ko‘rishni istamasa? 

***

Keyingi paytda odamlarda odamiylik o‘lib borayotgandek nazarimda. Insonlarni ota-bola, aka-uka, qavmu qarindosh, qo‘ni-qo‘shni, oshna-og‘ayni, tanish-bilish kabi rishtalar bog‘laydi. Shu rishtalar sabab ular bir-birlari bilan munosabatda bo‘ladi. Agar bu rishtalarning birortasi uzilsa, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tarilib, odamiylik yo‘qoladi. Shunday ekan, birdamlik rishtalarini uzmang, toki, odamiylik o‘lmasin! 

Fazliddin Ro‘ziboyev.