Odamlar bir-biriga yordam bermay qo‘ydimi?

Bir paytlar bir hovuch sholini yetti qo‘shniga ulashgan, bir xonadonda to‘y bo‘lsa, boshqasida osh qaynagan xalq edik.

Odamlar so‘ramasdan ham bir-biriga yordam berardi. Hozir esa birovdan hol so‘rash u yoqda tursin, ko‘rib ko‘rmaslikka oladiganlar ko‘payib ketdi.

Ilgari mahallada biror xonadonda to‘y bo‘lsa, olov yoqishdan idish-tovoq yuvishgacha hamma yordamlashardi. Uy qurish, yo‘l ta’miri, ariq qazish, obodonlashtirish ishlarini ham barcha birikib qilardi.

Yaqinda mahalla qabristonini obodonlashtirish uchun hashar qilindi. Ikki kun oldin esa qishloqdoshlar guruhiga e’lon berildi. Biroq ko‘pchilik hashar kuni “ishim bor”, “vaqtim yo‘q” deb bahona qilib kelmadi. Hatto ayrimlar telefonini ko‘tarmaslikni ma’qul ko‘rdi.

Keyingi paytda hurmat, odamgarchilik va odob-axloq tushunchalari unutilib borayotgandek. Avtobusga keksa onaxon chiqdi, yoshlardan biriga yaqinroq turdi. Yigit onaxonga qaradi, ammo joy berish o‘rniga, atayin telefoniga tikilib turaverdi. Konduktor tomonidan “Kattalarga joy bering!” degan e’tirozdan so‘ng majbur bo‘lib joy bo‘shatdi.

“Menga nima?”, “Nima ishim bor?”, degan qarash ham ko‘paydi. Velosiped haydab ketayotgan bola yiqilib tushdi. Uning tizzasi shilinib, og‘riqdan ko‘zlariga yosh keldi. Ammo o‘sha ko‘chadan o‘tib-qaytayotgan o‘nlab odamlar holatni ko‘rib turib, bolaga “yaxshimisan?” demadi. Rosti, men ham o‘sha yo‘lovchilardan biriman. Xo‘sh, biz nima uchun bunday holatlarga odatlanib qoldik?

Birinchidan, hozirgi kunda odamlar kundalik hayot bilan juda band: ish, daromad, bola-chaqa, kredit... Bu yugur-yugur insonni nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham charchatadi. Shuning uchun ko‘pchilik o‘zi bilan o‘zi ovora.

Ikkinchidan, internet va ijtimoiy tarmoqlar odamlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni, bordi-keldini kamaytirdi. Go‘yoki mehr-oqibat, bag‘rikenglik tushunchalari haqiqiy hayotda emas, ekran orqali namoyon bo‘layotgandek.

Uchinchidan, urf-odat va qadriyatlardan uzoqlashib boryapmiz. Zamonaviy hayot, «ommaviy madaniyat» qadriyatlarimizga soya solmoqda. Natijada “biz” emas, “men” degan qarash shakllanyapti.

To‘rtinchidan, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘ydi. Chunki keyingi vaqtda kimdir yordam berib, o‘zi aldandi yoki javob olmadi. Natijada “mendan nimadir so‘raydi”, “yana aldanaman” kabi xayollar ko‘plarni uzoqlashtirib yubordi.

Nima qilish kerak?

Odamlar bir-biriga suyanmaydigan jamiyat yemiriladi. Befarqlik esa katta ijtimoiy muammoga aylanadi. Insonlarda davlat va jamiyatga nisbatan ishonch yo‘qoladi. Bularning oldini olish uchun esa avvalo, har kim o‘zgarishni o‘zidan boshlashi lozim. Bunda birinchi navbatda oilada va maktabdagi tarbiya muhim. Chunki farzandlarimizni “faqat o‘zini o‘ylash”dan ko‘ra “boshqalar uchun kerak bo‘lish”ga, yaxshilik qilish, yordam qo‘lini cho‘zishga o‘rgatish kerak.

Hurmat-e’tiborga ega odamlarni namuna qilib ko‘rsatish, jamiyatni o‘ylashga undash, shuningdek, qadriyatlarni tiklash, hashar, qo‘shnichilik, hamjihatlik, mehmondo‘stlik bizni o‘zga xalqlardan ajratib turadigan boyligimiz. Ularni unutish o‘zligimizni yo‘qotish ekanligini tushuntirish kerak. O‘ylab ko‘raylik, agar biz ham “menga nima” desak, ertaga o‘zimiz yordam so‘raganda bizni kim eshitadi?

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.