Odamlar endi qayerga murojaat qiladi?

To‘satdan bunday deyish noo‘rin, bilaman. Ammo bunga ham sabab bor. Negaki, xalq qabulxonlari haqida yozilgan maqola, tayyorlangan ko‘rsatuv, xullas, istalgan ijodiy materialda murojaatlarni eshituvchi idora sifatida ko‘rsatilardi.
Rost, bir jihatdan bu idora, bilmadim, balki tashkilot kerak edi. Chunki xalq tilida murojaatlar to‘g‘risidagi qonun, deb ataluvchi hujjatda istalgan idoraga murojaat qilishingiz mumkinligi qayd qilingan. Murojaat qaytarilmaydi. U ro‘yxatga olinib, tegishliligi bo‘yicha yo‘naltirilishi kerak. Har holda qonunda shunday yozilgan.
To‘g‘ri, amalda aksar idoralarda bu norma ishlamaydi. Murojaatda ko‘tarilgan masala tegishli bo‘lmasa, ro‘yxatga olinmasdi. U hatto viloyat hokimligi bo‘lsa ham. Ayni norma Xalq qabulxonalarida to‘la-to‘kis ishlardi. Bu yerda nafaqat ijro organlari ko‘rib chiqadigan masalalar, shu bilan birga sud-huquq idoralari bilan bog‘liq murojaatlar ham ro‘yxatga olinardi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalarida viloyat aholisidan joriy yil 11 avgust holatiga 59 ming 649 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 ming 660 taga (28 foiz) kamaygan. Biroq kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi 6 foizga pasayib, faqat tushuntirish berish bilan cheklanilgan.
Xususan, ijobiy hal etish darajasi Samarqand shahrida 46 foizdan 31 foizga, Toyloqda 53 foizdan 41 foizga, Kattaqo‘rg‘on shahrida 48 foizdan 38 foizga, Payariqda 46 foizdan 38 foizga, Bulung‘urda 44 foizdan 38 foizga, Qo‘shrabotda 49 foizdan 43 foizga, Nurobodda 44 foizdan 38 foizga, Samarqand tumanida 46 foizdan 40 foizga, Urgutda 44 foizdan 37 foizga pasaygan.
Boshqarma va tashkilotlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasida 10 foiz, viloyat davlat arxivida 14 foiz, adliya boshqarmasida 15 foiz, ichki ishlar boshqarmasida 19 foiz, viloyat fermerlar kengashida 19 foiz, kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasida 21 foizni tashkil etgan.
Oqibati his qilinmayapti...
Yuqoridagi raqamlardan tushundingiz-a? Murojaatlar kamaygan, biroq ularni na hududiy hokimliklar, na boshqarma va tashkilotlar ijobiy hal qilib berishga alohida e’tibor qaratyapti.
Buning oqibatida, aniqrog‘i, murojaatlarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlili olib borilmaganligi, tegishli tashkilot yoki idora rahbarlari tomonidan muallif ishtirokida masalani yechish choralari yetarli darajada ko‘rilmaganligi sabab takroriy ariza-shikoyatlar ko‘rsatkichi hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Masalan, takroriy murojaatlar Samarqand shahrida 1016 tani, Past Darg‘omda 951 tani, Paxtachida 664 tani, Payariqda 657 tani, Ishtixonda 556 tani va Oqdaryoda 434 tani tashkil etgan.
Misol uchun, Payariq tumani Juvozxona mahallasida yashovchi S.Ibragimov Qo‘shrabot tumanida yer maydoni bo‘lmasa-da, kadastr ma’lumotlar bazasida uning nomiga yer maydoni biriktirib qo‘yilganligi sababli soliq to‘lovlaridan asossiz qarzdorlik kelib chiqayotganligi to‘g‘risida murojaat qilgan.
Kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi murojaatni oxirigacha hal etmasdan “kadastr raqamini bugungi kun holatiga o‘chirishga kiritilganini ma’lum qilamiz”, degan mazmunda oraliq javob xati yuborgan.
Samarqand shahar Xo‘jaqishloq mahallasida yashovchi U.Xaydarovning ko‘chadagi elektr ustunlarini almashtirib berish masalasida qilgan murojaati Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasi tomonidan o‘rganilib, hal etilmaganligi oqibatida fuqaro shu masala bo‘yicha 4 marta murojaat qilgan. Lekin murojaat hal etilmasdan, tushuntirish berildi, deb nazoratdan chiqarilgan.
Balki munosabat shu ko‘rinishga kelgani uchun odamlar Prezident qabulini so‘rashga majbur bo‘lyapti. Zotan, Xalq qabulxonasining ma’lumotlariga ko‘ra, Prezident qabuli so‘rovi masalasida 204 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Ushbu mazmundagi eng ko‘p murojaatlar Samarqand shahri (30 ta), Past Darg‘om (28 ta), Paxtachi (19 ta), Samarqand (18 ta) va Narpay (16 ta) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Endi “dispetcher” kerak emas!
Anglashilganidek, masalaning ichiga chuqur kirib bormasdan ham murojaatlarni ko‘rib chiqishdagi aniq muammolar ko‘rinib qolmoqda.
Vaholanki, u vaqti-vaqti bilan tahlil qilinib, e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar, tizimda ortga ketishga sabab bo‘layotgan omillar ko‘rsatib borilishi zarur edi.
Shu sabab 16 iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qoldi”, – dedi davlatimiz rahbari.
Misol uchun, o‘tgan yili virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan.
Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, xalq qabulxonalarining barcha xodimlari ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi.
Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi.
“Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan, shu yerning o‘zida hal qiladi”, – dedi Prezident.
Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi. Masalalarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurs ham beriladi.
Xo‘sh, nima o‘zgardi?
Birinchidan, barcha shahar va tumanlar, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri egallab turgan vazifasidan ozod qilindi. Bugungi kunda hududlarda bittadan, viloyatda 3 ta mutaxassis ishlab turibdi. Ya’ni, shu paytgacha administrasiya bo‘ysunuvida bo‘lgan hududiy xalq qabulxonalari bevosita hokimlar bo‘ysunuviga o‘tdi.
Binolar ham hokimliklar balansiga berilgan. Keyingi vaqtda shahar va tuman hokimlari har bir ish kunida bu yerda jismoniy va yuridik shaxslar qabulini o‘tkazmoqda.
Darvoqe, aksariyati yaxshi ta’mirlangan qabulxonalar binolari xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlariga berilishi taxmin qilinmoqda. Yodingizda bo‘lsa, tegishli hujjatga asosan 2026 yildan ularga hokim raislik qilmaydi. Hujjatda joriy yil oktyabr oyigacha Kengashlar uchun bino masalasini hal qilish belgilangan.
Muammo munosabatda emasmi?
Darhaqiqat, murojaatlarni ko‘rib chiqishda asosiy muammo bu ishga munosabat o‘zgarmayotganida bo‘lmoqda. Misol uchun, joriy yil 23 may kuni Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida viloyat hokimi boshchiligida sayyor qabul o‘tkazilgan.
Qabulda 268 ta murojaat ro‘yxatga olingan va 121 tasi yoki 45,1 foizi ijobiy hal etilgan, 144 tasi yoki 53,8 foiziga tushuntirish berilgan (3 tasini ko‘rib chiqish rad etilgan).
- Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak! – degandi Prezident 16 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.
Mayli, bunday yondashuv yo‘qligi alohida masala. Biroq murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilmoqda. Misol uchun, viloyat hokimining sayyor qabulida 87 ta murojaatni ko‘rib chiqishda ijro muddati kechiktirilgan.
Yoqubjon Marqayev.