Odamlar suddan qachon rozi bo‘ladi?

Samarqand viloyat Matbuot uyida xalq deputatlari viloyat Kengashining Qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi bilan tashkil etilgan seminar-yig‘ilishda shu kabi savollarga javob izlandi.
O‘zaro muloqot avvalida fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi Bayramali Norov sudlarda ko‘rilayotgan ishlar monitoringi xususida axborot berdi.
Muzokaralar davomida viloyatdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan chiqarilgan sud hujjatlarining 95 foiziga e’tiroz bildirilmagani, ya’ni appelyasiya yoki kassatsiya tartibida shikoyatlar bo‘lmagani alohida e’tirof etildi. O‘z navbatida mazkur sud faoliyati bilan bog‘liq ayrim masalalar ham o‘rtaga tashlandi.
- Soliq yoki kommunal xizmatlardan qarzdorlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha asosan sud buyruqlari chiqariladi, - dedi A.Ahrorov. - Bunda qarzdor fuqaro yoki yuridik shaxs eshitilmaydi. Vaholanki, sud har ikki tarafni eshitib muayyan hujjat chiqarishi kerak emasmi?
Masala o‘rinli ekanligini e’tirof etgan B.Norov bunday hollarda jismoniy yoki yuridik shaxs qarzdor emasligi yoki sud buyrug‘ida ko‘rsatilgan miqdorda qarz emasligi to‘g‘risida sudga dalil bilan murojaat qilsa, sud buyrug‘i to‘xtatilishini qayd etdi.
Muloqotlar davomida shuningdek, noqonuniy qurilgan uylar masalasi ko‘tarildi. Qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvli maydonlarda uy-joy qurib olganlar ayrim hollarda qaysidir mutasaddining ruxsatini olgan. Yoki tegishli mas’ul shaxslarning noqonuniy qurilishdan xabari bo‘lsada, beparvo bo‘lgan. Demak, ish shu darajaga borib yetishiga mansabdor shaxslarning harakatsizligi ham sabab bo‘lgan. Noqonuniy qurilma uchun fuqaro javobgar bo‘lyapti, ammo o‘z lavozim majburiyatini lozim darajada bajarmagan mansabdor-chi?
- Ma’lumot uchun aytish lozimki, noqonuniy uy-joylar bilan bog‘liq 2300 dan ortiq ishlarni ko‘rish pandemiya sharoiti tufayli to‘xtatib qo‘yildi, - deydi B.Norov. – Birinchi chorakda bu kabi ishlar doirasida harakati yoki harakatsizligi uchun tegishli mansabdorlarga chora ko‘rish uchun 20 ta xususiy ajrim chiqarilgan.
Seminar so‘ngida shunday xulosaga kelindi: ishi sudga tushgan odam borki, qaror o‘zining foydasiga chiqishishi o‘ylaydi. Shunday bo‘lishi uchun esa har kim nafaqat huquqi, balki burchini ham yaxshi bilishi shart. Shu bois, deputatlar va sud hamkorligini yanada yaxshilash, targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kengaytirishga kelishib olindi.
Yo.Marqayev.