Odamlarimiz shunchalik ham nafsiga qul bo‘lishyaptimi?

- Bu nima degan gap, kelinjon? Non 6 ming so‘m bo‘pti-ya, 5 minglik nonni ustiga 1000 so‘m qo‘yib olibdi! Kecha nevaramni pomidor uchun do‘konga yuborsam, 5 ming so‘mga 4 dona yong‘oqdek pomidor berib yuborishibdi!  Kelib yuziga otay dedim, kelinim qo‘ymadi-da! Qanaqa zamon bo‘ldi, bu!.. 

Yangi qo‘shnilarning dastidan hamma narsani narxini ko‘tarib yuborishdi. Nariroqdagi do‘konda narxlar boshqacha. Hammaning daromadi, bir xil emas-ku! Mahallaqo‘mga arz qildim, biror chorasini ko‘rar... O‘zingiz omonmisiz, uy ichilar tinchmi?” 

Bir umr o‘qituvchi bo‘lgan, so‘ng mahallada ishlab nafaqa yoshiga yetgan bu onaxon juda oilaparvar ayol, mahalladagi har bir xonadon va undagi odamlar, qolaversa, ularning dardu tashvishlarini yaxshi biladi. 

Mahallamizda do‘kon ko‘p, lekin hamma zarur bo‘lib qolgan narsalar uchun eng yaqinidagi do‘konga boradi. Do‘kondan qo‘lida non va boshqa narsalar bilan chiqib kelayotgan qo‘shni xola meni ko‘rib, dardini ana shunday “doston” qila ketdi. 

Mahallamizga Rossiyadan 2 ta oila ko‘chib kelgan. Rostmana oilalar – birini 2, birini 3 nafar farzandi bor ekan. Oddiy odamlar, deyishdi. Birining oila boshlig‘i kavkaz millatiga mansub, biriniki esa o‘zbek ekan, ayollari esa rus (Lekin oilada hech kim o‘zbek tilini zarracha bilishmas ekan, hatto dadasi ham). Bolalari mahalla bolalariga qo‘shilib ketgan, maktabga ham borishadi, lekin ota–onalari ko‘pam ko‘zga tashlanmaydi. 

Xalqimiz qiziq-da! Xolaning aytishicha, odamlar ularni ko‘rish uchun atay ko‘chaga chiqib o‘tirisharkan kechqurun! Yaxshiyam, biror mashhur artist yo taniqli kishilar emas ekan, bir kulging keladi, bir achchig‘ing chiqadi! G‘alati fe’limiz, ahmoqona qiziquvchanligimiz bor-da! 

Xullas, shu oilaning farzandlari do‘kondan juda ko‘p muzqaymoq olisharkan, shuning uchun do‘konimizda muzqaymoqning narxi ko‘tarilib ketgan. Tirikchilik deb, odamgarchilikni esidan chiqarib qo‘yayotganlar oramizda bor, aslida.

O‘zbeklar va ularning fe’l–atvori haqida boshqa millatlarda shu vaqtgacha yaxshi fikrlar shakllangan edi. Bugungi odamlar esa o‘sha qarashlarni yo‘qqa chiqarishayotgani bor gap. 

Zamonni ayblab bo‘lmaydi, hamma gap o‘zimizda! “Menga o‘z nafsimdan panoh ber!” deb bekorga aytishmagan. 

Misol uchun, pandemiya paytida 200 so‘mlik tibbiy maska 5 ming so‘mga chiqqani yolg‘on emas!

Global elektr tarmog‘ida nosozlik bo‘lib, butun Markaziy Osiyo malakatlarida “svet" o‘chganida, 2 ming so‘mlik sham ham 20 ming so‘mdan sotilgandi.

Hozir Toshkentda ijara kvartiralar narxlari oshib borayotganmish! “Yangi qo‘shnilar” ko‘chib kelmasdan oldin, bu uylarda boshqa oilalar ijarada yashashardi, xolaning aytishicha, ularni uy egasi chiqarib yuboribdi, rossiyaliklar ko‘proq to‘larkan! 

Ana shunaqa gaplar, do‘stim!

Arzimagan chaqa uchun vijdonni sotish, nafsga qul bo‘lish – juda achinarli holat. Har “ikki dunyo”da uni javobi og‘ir bo‘lishi aniq!    

 “Senga nima?” , dersiz  balkim...

Hammamiz, umid bilan farzand o‘stiryapmiz – ular tevarak atrofni kuzatadi, tahlil qiladi.  Kattalar qilayotgan nohaqliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, guvoh bo‘ladi va keyin xulosa chiqaradi.

O‘rganmaydi, deb o‘ylasak, bu xato. Bolalar Siz aytgan ishni emas, Siz qilgan ishni takrorlaydi, ha, aynan takrorlaydi! 

Birovning haqidan qo‘rqmasangiz, vijdoningiz bezovta qilmasa, sizga gap yo‘q! Yashashda davom eting!

Bu bir pas tin olib, o‘ylab ko‘rishga arziydigan holat.

Nima dedingiz?

Gulchehra Berdiyorova.