Odamlarni rozi qilish uchun ish mahallabay tizimda joriy qilinadi

Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, ishni shu asosda tashkil qilish, o‘z navbatida, barcha organlar faoliyatini o‘zaro muvofiq yo‘lga qo‘yish talabi qo‘yilmoqda. Samarqand viloyati hokimligida tashkil qilingan navbatdagi faollar yig‘ilishida bu boradagi reja va vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda boshqaruv organlari oldiga qo‘yilgan talabni bajarish, odamlarni bugungi turmushidan rozi qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish Urgut tumanida Soyg‘o‘s mahallasidan boshlanishi qayd qilindi.

- Urgutdagi ish qaysidir ma’noda master-klass, ya’ni faoliyatni tashkil qilishda dastlabki amaliyot vazifasini bajaradi, - dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari B.Parpiyev. - Avvalo, bir necha yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ular kimlardan iborat bo‘ladi va nima ishlarni amalga oshiradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunda birinchi navbatda, mahalladagi umumiy ahvol o‘rganiladi. Xalq qabulxonasida ro‘yxatga olingan murojaatlar asosida odamlar nimalardan norozi ekanligiga aniqlik kiritiladi.

Shuningdek, katta e’tibor qaratiladigan masalalardan biri – bu “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash bo‘ladi.

100 ming ishsizga ish bormi?

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov 100 ming nafardan ziyod ishsizlar ro‘yxatga kiritilganini qayd etdi.

- Bugungi kunda viloyatdagi korxona va tashkilotlarda 7 mingdan ko‘proq bo‘sh ish o‘rni mavjud, - deydi I.Jabborov. – Demak, shuncha odamning bandligini ta’minlash imkoniga egamiz.

Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘ini orqali bandligi ta’minlanmagan fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish ham samara berishi, shubhasiz. Negaki, ayni paytda mazkur yumush uchun oyiga 1 million 300 ming so‘m haq to‘lanadi.

Shuningdek, tadbirkorlikka ishtiyoqmand, qo‘lida muayyan kasbi yoki hunari bor, ammo imkoni yetmayotgan ishsiz va kambag‘al fuqarolarga 32 turdagi vositalar bepul beriladi.

- Kambag‘allikni qisqartirish borasida asosiy masala mahallaning «o‘sish nuqtasi»ni aniqlashga qaratilishini unutmaslik kerak, - dedi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov. – Bu birinchidan, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini ro‘yobga chiqarib, odamlarni ish bilan ta’minlashga, qolaversa, shu orqali hududni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuning uchun kambag‘al yoki bandligi ta’minlanmagan fuqarolarga kredit asosida issiqxona qurib berish, chorva mollari va parranda berish, imkoniyati va ko‘nikmasi o‘rganilishi, ishsiz, ammo muayyan ko‘nikmasi yo‘q fuqarolarga bevosita tumandagi kasbga o‘qitish markaziga yo‘llanma berib, tegishli mashg‘ulotlarga jalb qilish kerak.

O‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari ochish, faoliyat turini kengaytirish maqsadida tadbirkorlar uchun ham maxsus o‘quvlar tashkil qilinadi.

Ta’kidlanganidek, mahallabay o‘rganish davomida hududlarni obodonlashtirish, har bir xonadonda tandir-o‘choqdan tortib, sanitar-gigiyena sharoitlarini yaratishgacha bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratiladi.

Kommunal sohaga alohida topshiriq

- Tibbiy xizmat bo‘yicha alohida guruh ish olib boradi, - dedi B.Parpiyev. – Bunda nafaqat patronaj ishlari amalga oshiriladi, balki “Sog‘lom avlod uchun” nodavlat notijorat tashkilotini jalb qilib, ehtiyojmand fuqarolarga bepul dori-darmon berilishi ham yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Kommunal xizmat idoralari, jumladan, elektr va gaz ta’minoti korxonalariga alohida topshiriq bo‘ladi. Chunki bugungi qorli-qirovli kunlarda ular ko‘rsatayotgan xizmat sifati aholining turmush tarzi va kayfiyatida muhim ahamiyatga ega. Shu bois viloyat darajasida imkoni bo‘lmagan muammolarni birgalikda respublika idoralari bilan hal qilish choralarini ko‘ramiz.

Ta’kidlanganidek, ishchi guruh borgan mahalladagi o‘zgarishlarni, turmush tarzidagi yengillikni odamlar his qilishi kerak. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarigacha bo‘lgan ko‘cha chetida piyodalar yo‘laklari tashkil qilinadi. Xonadonlardagi mavjud sharoitlarni yaxshilash uchun sanitariya-epidemiologiya, favqulodda vaziyatlar idoralarining mutaxassislari tegishli xulosalarni beradi.

Mazkur xulosalar asosida zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Mablag‘ masalasi muammo emasmi?

Yig‘ilishda joylarda obodonchilik, odamlar turmush tarzini yaxshilash uchun amalga oshiriladigan keng ko‘lamli ishlar muayyan mablag‘ va vaqt talab qilishi ham tilga olindi.

Ta’kidlanganidek, muammolarni hal etishni paysalga solgan mutasaddilarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi. Fuqarolarning kamchiliklarini hal qilish uchun «Saxovat va ko‘mak», Bandlik, xotin-qizlar, «Mahalla» jamg‘armalari mablag‘laridan foydalaniladi, xalqaro grant va subsidiyalar jalb qilinadi.

Yoqubjon Marqayev.