Ishchi guruh keldi – nima o‘zgardi? Namunali joyni ko‘rsatamiz, kamchilikni yashiramiz, oxir-oqibat barchamiz yutqazamiz

Shu kunlarda ishchi guruhlar ko‘payib ketmadimi – kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlik, qurilish ishlari sifatini-yu tibbiyot muassasalari holatini o‘rganuvchi guruhlar. Yana biz bilmagan qancha “guruh”lar bor...

Bunday o‘rganish ishlari olib borilgani yaxshi. Berilgan topshiriqning ijrosi, mavsumga qay darajada tayyorgarlik ko‘rilgani oydinlashadi. Lekin bir jihat odamni o‘ylantiradi-da – nega ishchi guruh kelsa eng yaxshi korxona, mahalla, ko‘cha, oila, maktab, xullas, namunalilarni ko‘rsatamiz?

Xoh poytaxtdan, xoh viloyat yoki tumandan bo‘lsin, mutasaddilar ibratli ishni emas, kamchilikni ko‘rish, uni tuzatish yo‘llarini topish uchun kelmaydimi? Yaxshining ishi shunday ham ma’qul, uni ko‘rsatish shart emas (tajriba o‘rganish uchun kelgan bo‘lsa boshqa gap! Ammo ishchi guruhlarning aksariyati vaziyatni o‘rganib, muammo va kamchiliklarni aniqlash va keyinchalik ularni bartaraf etish uchun tuziladi). Undan ko‘ra, muammoli holatlar ko‘rsatilsa, tahlil etilsa, kamchiliklarni tuzatish uchun yordam so‘ralsa yaxshi emasmi?

Namunali joyni ko‘rsatib, o‘zimizning kamchiligimizni o‘zimiz yashiramiz – “bizda hammasi yaxshi, hamma topshiriqlar bajarilgan”, deymiz. Ishchi guruhga ham shu kerak. Tepaga qancha kam muammo olib chiqilsa, shuncha yaxshi, berilgan topshiriqlar bajarilmoqda. Keyin o‘rganish yakunlari bo‘yicha uzundan-uzun ma’lumot tayyorlanadi. Qaror, farmoyish, buyruqlar nomma-nom keltirilib, ularning ijrosi “ta’minlangani” bayon etiladi. Ma’lumotnoma oxirida xo‘jako‘rsinga “ayrim kichik kamchiliklar aniqlangani”, ularni bartaraf etish uchun mutasaddilarga topshiriq berilgani yoziladi.

Yana ko‘p hollarda “katta”lar kichik rahbarlarga “yuqoridan odam kelib o‘rgangani bilan, kamchiligingni ular emas, men hal qilaman, shuning uchun “ma’lumotnoma”sini yaxshi deb yozib ketsin, keyin o‘zimiz masalalaringni ko‘ramiz”, deydi. Kichik rahbarning ham joni nechta – “komissiya”dan aylanib-o‘rgiladi, ularning ko‘nglini olishga harakat qiladi, yaxshi joylarni ko‘rsatadi va “gap tegmaydigan” ma’lumotnoma tayyorlanadi.

Tamom, shu bilan ishchi guruh ketadi.

Ayting, bunday o‘rganishdan kimga, nima naf? Biz rahbarlarni aldayapmizmi yoki o‘zimiznimi? Muammoni yashirishdan maqsad nima? Bundan kim yutadi? Boringki, bir-ikki kishi manfaatdor bo‘lar, lekin oxir-oqibat barchamiz yutqazamiz-ku?!

Bu haqda qachon o‘ylab ko‘ramiz?

G‘.HASANOV.