Respublika ishchi guruhi: Aholining yo‘l, elektr, ichimlik suv, ish bilan ta’minlanish, kredit olish kabi muammolari hal etilyapti
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini Samarqand viloyatida davom ettiryapti.
Guruh tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganish va namunaviy ko‘cha, obod xonadon tizimini joylarda tashkil etish hamda aholi bilan muloqot o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tarkibiga Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining mas’ul xodimlari, 15 ta vazirlik va idoralar hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Ishchi guruhlar tomonidan viloyatning 16 ta tuman va shaharlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir mahallalarda xonadonbay yurish orqali aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan qator muammolar aniqlandi.
Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahri, Jomboy, Bulung‘ur va Narpay tumanlarida aholi uy-joylarining ichimlik suvi, elektr ta’minoti va ichki yo‘llar ta’miri, Samarqand shahri, Payariq, Oqdaryo, Samarqand tumanlarida esa oilaviy shifokorlik punktlari yoki maktabgacha ta’lim maskanlari singari qator ijtimoiy soha ob’yektlarining mukammal ta’mirga muhtojligi kabi masalalar qayd etildi.
Ushbu muammolarni hal etish maqsadida Ishchi guruh tomonidan zarur ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash uchun 38,1 kilometr ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish va shag‘allashtirish ishlari bajarildi. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahri Nurobod mahallasida 3,1 kilometr, Kunjupay mahallasida 0,9 kilometr, Bulung‘ur tumani Samarqand mahallasida 1,8 kilometr, Payariq tumani Xalqobod mahallasida 1,3 kilometr, Narpay tumani O‘zbekiston mahallasida 1,0 kilometr, Samarqand shahri Mulyon mahallasida 1,2 kilometr asfalt yotqizish ishlari bajarildi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 dona transformator,
104 dona temir-beton tayanch o‘rnatish hamda 4,05 kilometr yangi elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Jumladan, Bulung‘ur tumanida 47 dona, Samarqand tumanida 23 dona tayanch ustun, Payariq tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 donadan transformator o‘rnatildi.
Ichimlik suvini yaxshilash borasida hududda 5 900 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Jumladan, Narpay tumani Guliston mahallasiga 1000 metr, Kattaqo‘rg‘on tumani Namozpolvon va Kumushqirg‘oq mahallasiga 950 metr, Payariq tumani Chelak shahrida 800 metr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Shuningdek, Samarqand va Paxtachi tumanlarida qator suv inshootlaridagi suv nasoslari yangilab berildi.
Aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu maqsadda tijorat banklari tomonidan 1971 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlariga 83,9 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ta’minlandi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida 397 fuqaroga 7,8 milliard so‘m, savdo faoliyati yo‘nalishida 6 sub’yektga 535 million so‘m, xizmat ko‘rsatish sohasiga 11 ta sub’yektga 13 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha 5,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, 20 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida 87 million so‘mlik tikuv mashinalari, 3 nafar fuqaroga qandolatchilik foliyatini boshlash uchun 18,7 million so‘mlik pishiriq pechi va qishloq xo‘jaligi foliyati bilan shug‘ullanish uchun 16 nafar fuqaroga 97,9 million so‘mlik motokultivator berildi.
Bu boradagi ishlar davom etmoqda.