Samarqandda umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va muammolarni o‘rganish bo‘yicha respublika ishchi guruhi ish boshladi

Viloyat hokimligida ta’lim tizimiga mas’ul vazirliklar, tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishni Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov olib bordi.

- Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tizimni isloh qilish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berildi, - dedi Sh.Shermatov. – Bu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruhlari tuzilib, ular yordamida maktablardagi ta’lim-tarbiyaning mazmuni, o‘quv dasturlari, uning sifati va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanishi, pedagoglarning bilim va malaka darajasi, muassasalarning qurilishi, o‘quv jarayonlariga hokimlar va sektor rahbarlarining mas’ulligi kabi ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi bir qator omillar o‘rganiladigan bo‘ldi. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.

Respublika ishchi guruhi ilk faoliyatini aynan Samarqand viloyatidan boshlagani boisi ham aytildi. Ta’kidlanishicha, dunyoga mashhur olimlar, buyuk mutafakkirlar, yetuk siyosiy arboblarni tarbiyalagan, nufuzli madaniy-ma’rifiy, iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan viloyat bugun ta’lim sohasida ortda qolmoqda. Jumladan, viloyat maktablari ta’lim sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublika reytingida oxirgilardan – 13-o‘rinda. Maktablar soni bo‘yicha respublikada yetakchi hisoblangan viloyat muassasalarining birortasi mamlakatimizning eng kuchli maktablari qatoridan joy egallamagan. Aksincha, yurtimizdagi eng og‘ir, ko‘rsatkichlari juda past 20 maktabning 10 tasi mazkur viloyat hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan talabalar soniga doir ko‘rsatkichlarda ham Samarqand orqada.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi a’zolari yig‘ilganlarga tanishtirildi. Ishchi guruh faoliyatini tashkil etish yuzasidan taklif va mulohazalar tinglandi.

A.Sherxolov.