Idoralararo ishchi guruh Samarqandda ish boshladi

Aholi muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish, hududlarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Jo‘rayev boshchiligida tuzilgan idoralararo ishchi guruh 6 mart kunidan Samarqand viloyatida o‘z faoliyatini boshladi.

Dastlab, Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Jo‘rayev hamda viloyat hokimi E.Turdimov raisligida videoselektor tarzidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Bosh prokuratura, uning huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi rahbar va mas’ul xodimlari, shuningdek, viloyat sektor rahbarlari, Milliy gvardiyaning sohaviy xizmatlari hamda boshqa mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda aholining muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishda ishchi guruhga viloyatning barcha mutasaddi rahbarlari yaqindan yordam ko‘rsatishi, aniqlangan muammolarni hal qilishga qaratilgan asosli takliflarini tezkor shtabga taqdim etib borish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni viloyat hokimi bilan birgalikda joylarga chiqib, aholi bandligini ta’minlash uchun ko‘rilayotgan choralar, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, IT yo‘nalishida yoshlarga e’tibor va boshqa masalalarni o‘rgandi. Shuningdek, mahallalardagi “beshlik”ning aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyati o‘rganildi.

Ishchi guruhning o‘rganishlarida viloyat aholisining ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash, bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqni muhofaza qilish hamda kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, shuningdek aholi bandligi va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratilmoqda.

G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat).