“Og‘a qaqir-qaqirlar”ga aytar gapim: momongizning moykaltagini yepsiz!”

Dunyo xabarlari fonidagi urushlar sizning ham joningizga tegdimi? U yoqda Pokiston bilan Afg‘oniston urushib yotipti, bu yoqda Rossiya bilan Ukraina. Naryoqda AQSh bilan Eron, uyda er-xotin urishayapmiz. Ayolimga: "Olimni maishiy, mayda muammolar bilan chalg‘itmang", deb bir sotsiologik tadqiqotni o‘qishni boshladim.

Mavzu - urushga oid: "I, II jahon urushi yillarida yaponlar bor mol-mulkini davlatga bergan” mavzusida yozilgan ilmiy ish. Siz ham ko‘p eshitgansiz-a? "Yaponlar davlat qiynalgan payti yordam bergani uchun hozir dunyoda yetakchi davlatlardan. Koreyslar ham shunaqa qilgan. Ayollar taqinchoqlarigacha, hatto, uyidagi idish-tovoqlarigacha berishgan ekan. Mana millat-u, ana millat", degan videolar va izohlarni ko‘rgansiz, o‘qigansiz.

Achinarlisi, boshqa millatlar ulug‘langan videolar ostida o‘zimiznikilarning ichidan palag‘da tuxumlar chiqib, "Ana, falon millatni qara, falon qilipti. Biznikilar bo‘lsa, orqa-oldiga qaramay qochardi. Biznikilar o‘zinikiniga bolta uradi" deb qolishadi. O‘shanaqa “og‘a qaqir-qaqirlar”ga aytar gapim: Momongizni moykaltagini yepsiz. Bizning millat avvaldan tuturuqli millat bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. “Propaganda” qurboni bo‘lib, o‘z millatingizga tosh otmang!

Yuqoridagi "yapon va koreyslar bor-budini davlatga beripti", degan gap ham targ‘ibot-tashviqotning mahsuli ekan. Voqea esa mana bunday bo‘lgan. Haqiqatda ko‘pchilik yaponlar majburiy-ixtiyoriy bor-budini davlatga bergan. Sababi o‘sha paytdagi kuchli propaganda. "Davlat uchun bor-budingni bermasang, asl yapon emassan. Vatanparvar emassan!" kabi gaplar xalqning ichiga kiritilgan. Davlatga borini bermaganlarga birov qizini bermay qo‘ygan. Sartaroshxonaga kirsa, birov sochini olmagan, sushixonalarda gerdayib o‘tira olmagan. Jamiyatdan ajratilib, eng past qatlam qilib qo‘yilgan. Mahalladagi g‘iybatchi Suzukilar, Satoular qo‘lini bigiz qilib qaragan. Bularning barchasi sotsiologik trend evaziga.

Bu voqealar sizga nimanidir eslatmayaptimi? Biznikilar ham hechvaqo yo‘qligidan kunjara yeb, bor-budini frontga jo‘natgan edi. Armiyaga bormasa, urushga bormasa, "Negoden”ga beradigan qizim yo‘q. Unaqa zoti pastlar bilan quda bo‘lmayman", degan gapdan qo‘rqib, jondan aziz farzandini urushga jo‘natganlar ham bo‘lgan. Nimaga? Ha, o‘lmang, o‘sha paytdagi propaganda hisobiga.

Xulosa qiladigan bo‘lsak - millatning yomoni bo‘lmaydi. Shunchaki, o‘sha paytdagi trendlar ko‘p yaxshiliklaru, yomonliklarga sababchi bo‘lib qoladi. Shunday ekan, "Falon millat zo‘r. O‘zimiznikilar pachaq", degan fikrni miyangizda tug‘ilmasdanoq “abort” qildirib tashlang. Shunaqa deydiganlarning yuziga Alpomishning zarbasidan bitta tushiring. Jarimasini o‘zim to‘layman.

Biz o‘ta yaxshi millatmiz. Bir qancha chet-elliklarni kuzatib ishonch bilan ayta olamanki, aql jihatdan ham uncha-bunchasini “enasini ko‘rsatib” yubora olamiz. Bir tizimga tushib olsak bas.

Ilohim yurtimizda, jamiyatimizda ilm trendda bo‘lsin, tinchlik trendda bo‘lsin, millatparvarlik, hamjihatlik trendda bo‘lsin! Bo‘ldi, siz yoqtirmani bosib turing, men rasmdagidek eshikdan mo‘ralab kelinlaringiz bilan yarashib kelay.

Bahodir NIPPONIY.

Muallif haqida: Bahodir ISKANDAROV - Yaponiyaning nufuzli kompaniyalarida mehnat qilayotgan yurtdoshimiz. Ijtimoiy tarmoqlarda yuz minglab muxlislarga ega bloger. U asosan o‘zi istiqomat qilayotgan davlatda muhojirlar hayoti, o‘sha davlatning qonun-qoidalari, ijtimoiy hayoti haqida yengil, yumorga boy, hikoya tarzdagi fikrlari bilan tanilgan.