Og‘ir dardni yenggan ayol

"Shifokorlar «Olti oylik umringiz qoldi», deyishgandi. Jigarlarim qo‘rqqanida, kuyovim o‘z jigarini taklif etgan".

Biz bahorni ayollarga o‘xshatamiz. Chunki bahor ham o‘z vaqtida qishning qor-qirovli sinovlaridan o‘tib, navbati kelgach, o‘z ko‘rki-tarovatini namoyon etadi. Ayol ham qalbida ne og‘riqlar zohir bo‘lsa-da, borlig‘ida o‘z go‘zalligini ko‘rsataveradi.

2015 yilda oqdaryolik Dilorom Bozorovaning boshiga og‘ir sinov tushdi. To‘satdan sog‘lig‘i yomonlashib, bir kechada shishib ketdi. Hatto oyoq kiyimi sig‘may qolgan. Shifokorlar «Jigaringizning ikki foizi qolgan, olti oylik umringiz bor...», deyishgandi opaga.

U paytlar bizda jigar transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagandi. Hindistonda operatsiya qilish mumkinligini eshitadi, ammo unga ham donor va juda katta mablag‘ kerak edi. Ularda esa bunday pulning o‘zi yo‘q. Shunda, avvalo, yaqinlari opaning joniga oro kirdi, ba’zilari o‘z jigarini taklif etdi. O‘zlari bor bisotini sotishdi, qarindoshlar ham qarab turishmadi. Mahalliy hokimiyat vakillari qo‘llab-quvvatladi. Ularning yordami bilan Hindistonga boradigan bo‘lishdi. Qizi o‘z onasiga jigarini bermoqchi bo‘ldi, lekin uning qo‘lida sakkiz oylik chaqalog‘i bor edi. Shunda farzandi onasiz qolishidan qo‘rqibmi yoki qaynonasiga achinibmi, kuyovi o‘z jigarini bermoqchi bo‘lib, qat’iy turib oldi. Ammo kuyovning qon namunalari Dilorom opaga mos kelmadi. Baribir yana qizi donor bo‘ladigan bo‘ldi.

Qahramonimizni yo‘qlab borganimizda, u dalada traktor haydayotgan ekan.

– G‘allaga o‘g‘it berayotuvdik, xo‘jaynim ikkalamiz ikkita traktorda ishlayapmiz, bahorgi har bir kun g‘animat, — deydi opa.

Uning tabassumli yuzlarida sog‘lomlik barq etib turar, to‘qqiz yil oldin u chekkan og‘ir dard nishonalari o‘rnini bugun ajib bir shijoat egallagandi. Bugun u mehnat qilishda har qanday erkakni yo‘lda qoldirishiga guvoh bo‘ldik. Ayol bo‘lishiga qaramay, traktor haydaydi, yer chopadi, sigir sog‘adi, tovuq boqadi, bog‘ parvarishlaydi.

— O‘shanda Hindistonda og‘ir operatsiya o‘tkazib, bir yarim oyda oyoqqa turganman. Olti oy o‘tmasdan dalaga chiqib ketganman. Dardni mehnat bilan yengganman. O‘zimni dala ishlarisiz tasavvur qilolmayman. Shu yer bilan qo‘shilib nafas olaman. 2005 yildan buyon fermerlik qilaman. Shaharda ham uyim bor, lekin u yerda bir kun ham turolmayman...

Opa chuqur xo‘rsinadi...

 — Bilasizmi, hayot doim meni sinab kelgan. Oilada 10 farzand edik, onam bevaqt vafot etgan. Undan keyin ukalarimga o‘zim onalik qilganman, o‘shanda kolxozda oddiy ishchi edim. Traktor haydashni ham o‘shanda o‘rganganman. Keyin o‘qib, agronom bo‘lganman, — deydi opa.

Suhbatni davom etirar ekanmiz, qahramonimizning o‘sha ta’riflagan donor qizi va kuyovi kelib qoldi. Opa esa «mollarimdan, tovuqlarimdan bir xabar olay» deb shoshib ketdi.

— Hindistonda hamma narsa tayyor bo‘lib, jarrohlik amaliyoti boshlanishi oldidan onam to‘satdan o‘zgarib qoldi. U «qizimni asrab qoling, uni sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymang. Bo‘ldi, operatsiya kerak emas»... deb faryod ura boshladi. Lekin men qat’iy turib, amaliyotni davom ettirishlarini talab qilganman. Amaliyot boshlandi, ko‘z oldimdan uyda qolgan emizikli chaqalog‘im, farzandim o‘tgan. Shukr hammasi yaxshi bo‘lgan, — ko‘z yoshlari bilan eslaydi opaning qizi Dildora.

Ha, hayot bizni doim o‘zining kutilmagan sinovlari bilan «siylab» turadi. Bu «nozik xilqat» vakillarining metin irodasi, bardoshi barchaga o‘rnak. Dilorom opa o‘zining eng og‘ir damlarida dardlarini yonidagi Qoradaryoga aytgan edi. Achchiq-achchiq ko‘z yoshlar yumalagan bu daryodan o‘shandan buyon qancha suvlar oqib o‘tdi.

Suhbatni yakunlab, endi qaytamiz deb tursak, «traktorchi» opamiz bizni hayron qoldirib, zamonaviy «Hyundai» mashinasini haydab kelib qoldi: «Sizlarni o‘zim kuzatib qo‘yaman. Bu dalalarda adashib qolmang tag‘in». Yo‘l-yulakay opaning aytib berishicha, Hindistondan kelgach, barcha ishlarini boshidan boshlabdi. Hozir kamida 20 nafar ishchiga rahbarlik qilarkan. «O‘ndan ortiq texnikalarim, 100 gektar yerim bor», deydi.

Ha, u taqdirini shu yer bilan bog‘lagan. Mehnatni zahmat emas, baxt deb biladi. Balki shu turmush tarzi uni baxtga — boy, dardga — qashshoq etayotgan bo‘lsa ne ajab.

Shuhrat Normurodov.