Oila - jamiyat poydevori

15 may jahon miqyosida “Xalqaro oila kuni” nishonlanadi. Ushbu bayram BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yil 20 sentyabrdagi Xalqaro oila yili to‘g‘risidagi rezolyusiyaga ko‘ra 1994 yilning 15 mayidan buyon muntazam nishonlanib kelmoqda.

Ushbu kunning belgilanishidan ko‘zlangan maqsad oilaning ko‘plab muammolariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga qaratilgan. Jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish ushbu muqaddas dargohning mustahkam, bardavom bo‘lishi ko‘p jihatdan ko‘pni ko‘rgan otaxon-u onaxonlar, nuroniylarga va albatta ota-onaga, bir so‘z bilan aytganda o‘zimizga bog‘liq.

Konstitutsiyamizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilgan. Chunki jamiyatning ma’naviy va axloqiy jihatdan sog‘lom bo‘lishi oila bilan bog‘liq. Aynan oilada inson xarakterining asoslari – mehnatga, ma’naviy va moddiy boyliklarga munosabat shakllanadi. Shuningdek, jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlashda munosib hissa qo‘shadigan bunyodkor yosh avlodni tarbiyalashga ko‘maklashish oilaning mas’uliyati, burchi va vazifasidir.

Oilani bir ulkan daraxtga o‘xshatsak, uning baquvvat tanasi va ildizi ota va onadir. Bunday daraxtning shoxlari ham sog‘lom va ko‘rkam bo‘ladi. Ildiz va tana ota–onamiz ekan bunday sog‘lom tana va ildizdan albatta yetuk shaxslar, ya’ni sog‘lom farzandlar dunyoga keladi. Shunday ekan ota-ona inoq, tarbiyali, bir-birini hurmat qiladigan, bir-birini tushunadigan bo‘lsa, bunday oilada oqila qizlar va yetuk yigitlar voyaga yetadi. Zero, oilada vatanga sadoqat, ota-onaga oqibat, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat omillari o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirilib, oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirishga, ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Muxlisa Narzullayeva,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi.