Oila sudyasi: «Qaror chiqarish oson, to‘g‘ri xulosaga kelish qiyin»
- Oilasida nizo chiqibdi, ishi sudda ekan.
Shunga o‘xshash xabarlarni eshitishimiz bilan xayolimizga ajrashayotgan notinch oila keladi.
Unda ko‘pincha er zulmkor, xotin esa mazluma bo‘ladi. Ammo oilaviy munosabatlardagi nizo va uning huquqiy mezonlari shu qadar murakkab va ko‘p tarmoqliki, u bo‘yicha biror fikr bildirish va ayniqsa, qaror chiqarish kishidan chuqur bilim va mas’uliyat talab qiladi.
Shu bois Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi «Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Joriy yilning 1 fevralidan tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarining 2 nafardan sudyasi oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirilib, «Oila sudyalari» korpusi tashkil etildi.
Biz fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida bo‘lib, qaror ijrosi va oila sudyalari faoliyati bilan tanishdik.
- Oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 32 turdagi fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish bizga yuklangan, - deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari, oila sudyasi Aziza Ismatova. - Bunga aliment undirish, ota-onalik huquqini cheklash yoki undan mahrum etish, bola bilan ko‘rishish tartibi va otalikni belgilash, farzandlikka olish, nikohdan ajratish, nikohni haqiqiy emas deb topish singari murakkab jarayonlar kiradi. Albatta, har bir ish alohida yondashuvni talab qiladi. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, sud vaqtida ishtirokchilar hissiyotlarini jilovlay olmaydi, shaxsiy hayotining sudda ko‘rib chiqilishi har kim uchun ham og‘ir. Oila sudyasi bunday vaziyatlarga tayyor bo‘lishi, avvalo, nizoni bartaraf etishga harakat qilishi kerak.
Ma’lumotga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida ko‘rib, tamomlangan 1976 ta ishning 31,7 foizi bevosita oila sudyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Birgina nikohdan ajratish masalasidagi ishlar 729 tani tashkil etadi. Shundan 338 tasi oila sudyalari tomonidan ko‘rilib, 29 tasi qanoatlantirilgan, 38 holatda taraflar yarashtirilib, oila saqlab qolingan.
Sud binosida oilalarni yarashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni o‘tkazish uchun alohida xona hamda bolalar xonasi mavjud. Yarashish ehtimoli yuqori bo‘lgan oilalar jalb qilingan holda har oyda mediatsiya tadbirlari o‘tkaziladi. Unda mahalla faollari, psixolog va boshqa mutaxassislar ishtirok etib, oilalarni asrab qolish choralarini ko‘radi.
- Ishimizni mukammal qilyapmiz, deyish noto‘g‘ri, - deydi Aziza Ismatova. - Faqat qonunga tayanib, qaror chiqarish oson, lekin oilaviy munosabatlar yuzasidan to‘g‘ri xulosa chiqarish va to‘g‘ri qaror qabul qilish ancha murakkab jarayon. Bunda birgina noto‘g‘ri qaror bilan bir emas, bir nechta insonning hayotiga ta’sir o‘tkazasiz. Vazifamiz o‘ta mas’uliyatli. Zarur bo‘lsa, fuqaroning uyiga borib, yashash muhiti, oila a’zolarining kayfiyatini o‘rganib kelamiz. Ba’zan qarindoshlar sud binosida janjallashib ketadi. Biz ularga begonalarning aralashuvisiz, dilidagi gaplarini aytib olishi uchun imkoniyat beramiz. Aksariyat hollarda nizoning sababi arzimas masala bo‘lib chiqadi. Shundan keyin yarashganlar ham ko‘p.
Aytish joizki, yurtimizda oila sudyasi instituti xalqaro tajriba asosida joriy qilingan. Shunday amaliyot Angliya, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Italiya va Kanadada mavjud. Xususan, Hindistonda 1984 yildan beri oila sudlari faoliyat olib boradi. Ushbu sudlar nikoh, er-xotinning huquqlarini tiklash, vasiylik, mulkiy va nikoh maqomi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadi. Kanadada esa oilaviy sudlar qiyin vaziyatda qolgan oilalarga yordam berish markazi sifatida faoliyat yuritadi. Ushbu sudda nizolashayotgan oila a’zolariga qator huquqiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Yaponiya sudlarida mediko-psixiatriya konsultatsiyasi, yarashuv komissiyasi faoliyat yuritadi.
Milliy sud tizimimizda esa yangi korpus birinchi navbatda, sudyalarning oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashuvini ta’minlaydi. Shuningdek, sudyalar har bir oilaviy nizoni alohida e’tibor qaratgan holda chuqur o‘rganish, uning yuzaga kelish sabablari, mohiyatini to‘liq tushunib yetish imkoniga ega bo‘ladi.
To‘g‘ri, bu yangi amaliyot hozircha tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Lekin sudyalarning o‘tgan vaqtdagi faoliyati, umuman, mazkur turdagi ishlar xususiyatini tahlil qilish asosida aytish mumkinki, oila sudyalari o‘z navbatida yaxshi psixolog va notiq bo‘lishi kerak. Nizolarni hal qilishda bu omillar muhim ahamiyat kasb etadi. Bunga erishish uchun esa ularni aynan shu yo‘nalishlarda o‘qitish, malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. Qolaversa, bir sudyaning doimiy ravishda oilaviy nizolar bilan ishlashini tasavvur qilib ko‘ring. Bu unda psixologik zo‘riqish hosil qiladi. Demak, sudyalarning o‘zi ham psixologik himoyaga olinishi zarur. Hozircha bu borada ish qilinmagan.
Masalaning yana bir murakkab tarafi, sud oilaviy nizolar ko‘rib chiqiladigan so‘nggi idora hisoblanadi. Ya’ni, oiladagi nizo bungacha oson hal qilinishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, atrofdagilar, mahalla faollari va boshqa mas’ullarning e’tiborsizligi yoki befarqligi sababli u kattarib, yechimsiz holatga kelgan. Ayni vaziyatda nizoni hal qilish mas’uliyati sudyalar zimmasida qolmasligi lozim. Oila sudyalari aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida hokimlik, mahalla yettiligi, xotin-qizlar faollari, diniy ulamo va boshqa soha mutasaddilari bilan hamkorlik qilishi mumkin, ammo bu ishda ham rahbar yoki javobgar yo‘q.
- Ajrim masalasini olaylik, er-xotin sudga ariza bilan murojaat qilganidan keyin sud yarashish uchun muhlat belgilab, mahalla va boshqa mas’ullarga holatni o‘rganish yuzasidan xat chiqaradi, - deydi Aziza Ismatova. - Vaholanki, bunda fuqarolar o‘rtasidagi rishtalar allaqachon uzilib bo‘lgan bo‘ladi. Agar ular sudga ajrim masalasida murojaat qilishdan oldin mahallasidagi yarashtiruv komissiyasining xulosasini olishi tartibi yo‘lga qo‘yilsa yoki shu komissiya tomonlar yarashishi uchun muhlat belgilash vakolatiga ega bo‘lsa, aksariyat ishlar sudgacha yetib kelmagan bo‘lar edi.
Oila kichik bir jamiyat hisoblanadi. U mustahkam, totuv bo‘lsa, davlat ham tinch bo‘ladi. Oila sudyasi instituti ayni maqsad yo‘lidagi yana bir muhim qadam, deyish mumkin. Faqat u nomigagina emas, samarali ishlashi, buning uchun barcha sharoitlar yaratilishi kerak.
Asqar Barotov.