Oila – yana ochiq qolgan o‘choq

Jamiyat mavjud ekan, turli tashabbuslar, g‘oyalar, ularni amaliyotga tatbiq etish, shu orqali undagi muammolarni hal qilish mexanizmlari doimiy ishlab turadi. Iqtisodiy islohotlar, tashabbuslarning natijasini qisqa fursatlarda bilish, aniqlash hamda o‘rganish mumkindir. Ammo shunday sohalar borki, uning samarasi darhol ko‘zga tashlanmaydi.
O‘tgan yillarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha olib borilgan ishlar shu yurtning bir fuqarosi sifatida menda ba’zi e’tiroflar bilan birga e’tirozlar, fikrlarni ham keltirib chiqaradi. Yaxshi bilamiz, xotin-qizlar qo‘mitasi tuzilmasi tugatilishi barobarida uning vazifalari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalariga o‘tkazildi.
Umuman, xotin-qizlar qo‘mitasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan paytlarida ham bu tuzilmada tez-tez yangiliklar sodir bo‘lardi. Deylik, bundan bir necha yillar avval turli masalalarda muammolarga duch kelgan xotin-qizlarga yordam berish maqsadida «Ayollar maslahat markazlari» tashkil etilgan edi. Har bir viloyat, tuman hokimliklari byudjet mablag‘lari hisobidan o‘z hududida zamonaviy binolar qurib, ularni mebel va kompyuterlar bilan jihozladi. Mazkur markazlarda psixolog, shifokor va yana boshqa mutaxassislar jamoatchilik asosida faoliyat olib bordi. Ta’lim muassasalarida orasta qizlar to‘garaklari tashkil etildi. Ammo oradan biron yil o‘tib-o‘tmay «Ayollar maslahat markazlari» faoliyati oraliqda qolib ketdi. Ta’lim muassasalaridagi orasta qizlar to‘garaklari qizlar klublariga aylantirildi. «Oila» markazlari tashkil etilib, ularda shtat asosida xodimlar faoliyat yurita boshladi. Aytish kerak, bu faoliyat birmuncha samarali bo‘ldi. Sababi, mazkur markazning nomida ilmiy sifati borligi uchun ham u faoliyatini aniq maqsadlar bilan amalga oshira boshladi. Haqiqatan oiladagi muammolar, mavjud holatlar mamlakatda ilmiy o‘rganishga muhtoj edi. Ushbu markaz keng doirada faoliyat olib bormagunga qadar mamlakatimizda oilalardagi ahvolning aniq bir umumiy ko‘rinishi mavjud emasdi. Markaz ish boshlashi bilan bu borada aniq raqamlar, faktlar paydo bo‘la boshladi va ularning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Afsuski…
Oradan ma’lum vaqt o‘tar-o‘tmasdan mazkur markazlar faoliyati to‘xtab qoldi. To‘g‘ri, bunga butun boshli tizimdagi o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Nafaqat «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, balki xotin-qizlar qo‘mitalari ham tugatildi.
Yanayam aniqroq ifodalaydigan bo‘lsak, mustaqil faoliyat olib borgan, o‘z tizimiga ega bo‘lgan uchta tashkilot bitta qozonda qaynay boshladi. Faoliyatning bu kabi ko‘rinishda keskin tus olishi tabiiyki, aholiga emas, ko‘proq ushbu tashkilot faollariga yoqmaganday bo‘ldi. Bir qaraganda maqsad aniq, oilalar bilan ishlaydigan turli tashkilotlarning boshi biriktirildi. Ehtimol, uning ishlash mexanizmi ham yillar davomida shakllanib, takomillashib borar.
Ammo ushbu tizim ish boshlaganda xotin-qizlar o‘rtasidagi turli muammoli holatlarni yechish masalasi ochiqligicha qolib ketdi. Sababi ayon. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi rahbarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining dasti unchalik uzun emas. U bitta muammoni olib chiqish uchun qator to‘siqlarni yengib o‘tishi kerak bo‘lardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, orada yuqorida nomlari aytib o‘tilgan tashkilotlar amalga oshirayotgan ishlarning havoda muallaq qolib ketgani ba’zi muammolarning yechilmay, keng ommaga oshkor bo‘lib ketishiga olib keldi. Va… oradan birmuncha vaqt o‘tmay yana mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisiga aylandi. Xullas, bunday shakldagi ishning ilk kamchiligi yuzaga chiqib qoldi, nazarimda.
Maqolada atayin mutaxassislarning fikrini keltirmadim, to‘g‘risi keltirolmayman ham. Sababi, bu haqda matbuotga gapirishni istaydiganlardan ko‘ra, jim turishni, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan sohadagi kamchiliklarni ichga yutib ishlashni afzal bilayotganlar ko‘p, albatta.
Mamlakatimiz rahbari har bir nutqida xalq bilan muloqot, rahbarlarning aholi muammolarini real o‘rganishini aytmoqda. Aynan mana shu tizim, ya’ni aholi muammolarini quyidan o‘rganish mexanizmi eng katta islohotlardan bo‘ldi, nazarimda. Joylarda poytaxtdan kelgan ba’zi rahbarlarning tumanlardagi ahvoldan hayratga tushganiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgani ham bu tizimning nechog‘lik zarurat ekanligini anglatadi.
Aholi muammolarini quyidan o‘rganish tizimi ko‘p sohalarda ahvolni real baholash va shunga ko‘ra harakat qilish imkonini berdi. Misol uchun kambag‘allikni qisqartirish borasida mahalla faollari bilan hamkorlikda masala keng ko‘lamda o‘rganildi va chora-tadbirlar o‘rganishlar natijasiga qarab yangilanib boraverganiga guvoh bo‘ldik. Deylik, ilgari aholining imkoniyatlari to‘liq o‘rganilmasdan issiqxona qurish, jo‘ja tarqatish ishlari olib borildi va bu qisqa muddatda o‘z samarasini bermagani tufayli mutasaddilar aniq o‘rganishlarga asoslangan yordam berish usullariga o‘tdi. Bugun harqalay bu masalada real holatlarni, aniq raqam va misollarni keltirish mumkin. E’tiborlisi, tizim oy sayin takomillashtirilmoqda, zarur bo‘lsa yangi choralar ko‘rilmoqda. Afsuski, aholi bilan muloqot faqatgina ularning muammolarini o‘rganish emas, o‘sha sohada yangicha tizimni shakllantirish masalalariga ham o‘zgartirishlar kiritishga asos bo‘ldi.
Xo‘sh, oila, xotin-qizlar masalalari bilan bog‘liq tizimda ham o‘zgarishlar shu o‘rganishlar natijasida amalga oshirildimikan? Oiladagi moddiy, ijtimoiy ahvol ehtimol bir marta o‘rganilishi natijasida xulosa chiqarishga imkon berar. Ammo oiladagi munosabatlar, notinchliklarni keltirib chiqaruvchi omillar, voyaga yetmaganlarning ruhiy holati, ularning muammolari kabi ko‘plab masalalarni o‘rganish esa afsuski, hamon ochiqligicha qolayotir. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi oilalarni o‘rganish masalasida ham qator ishlarni olib borayotgandir. Lekin yuqorida aytilgan vaziyatlarni ilmiy o‘rganish va shundan so‘nggina uning choralarini ko‘rish bugungi hayotiy zarurat, deb o‘ylayman.
Qolaversa, milliy mentalitetimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, xotin-qizlar o‘z fikr, dardlarini mahalla va olani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga eshik qoqib borib aytishi dargumon. Siz bugun u yoki bu soha rahbarlarining qabullarida hech bir hayosiz barcha dardlarini doston qilayotgan ayollarni ko‘rmagandirsiz. Muxbir singlim, deya kinoya qilishga shoshilmang (aslida shunday ayollar qatlamining paydo bo‘lgani ham o‘rganishga arzigulik jiddiy masala). Birovga aytishga istihola qilib, to‘satdan uyida jiddiy jinoyatlar sodir bo‘layotgan oilalar ko‘pligini mutasaddilar mendan ko‘ra yaxshiroq bilishadi. Aytmoqchi bo‘lganim esa shu, bizga chora-tadbirlar tuzadigan emas, oiladagi muhitni real o‘rganadigan va unga qarab aniq «tashxis qo‘yadigan» tashkilot zarur. Mutaxassislardan bu masaladagi fikrlarini kutib qolamiz.
Darvoqe, yuqorida tashabbuslar haqida gapirdik. Tashabbuslar kimningdir tashabbusi uchun emas, xalq uchun xizmat qilsa. Agar shunday bo‘lmas ekan, unda mavjud tizimning o‘zidan samarali foydalanilsa, qaniydi…
Gulruh MO‘MINOVA.