Oilaga chang solayotgan “ilon”lar: Ularga nisbatan o‘ta qat’iy jazo chora belgilash kerak

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada homilador ayol eri bilan janjallashib qolib, o‘zini yoqib yuborgani haqidagi xabar tarqalmoqda. Aniqlanishicha, mashinada er-xotin rashk va xiyonat sabab janjallashgan. Oqibatda ayol benzin yoqilg‘isini o‘zi va avtomashina saloniga sepib, yoqib yuborgan va halok bo‘lgan...

Ushbu xunuk voqeani o‘qishim meni jamiyatda uchrayotgan holat haqida yozishga undadi. Bu - oilaviy ajrimlar. Ajralish bilan bog‘liq oilaviy janjallarning aksariyatida esa xiyonat sabab qilib ko‘rsatiladi va er qat’iy ajrashish fikrida turib oladi. Musulmonmiz, rashk bor! Xiyonat sodir bo‘lganda ortga yo‘l yo‘q!

Ammo ajrim jamiyat fojiasi. Aksariyat hollarda ajrimga er yoki xotinning xatti-harakati sabab bo‘ladi. Bunday hollarda panada turgan uchinchi kimsa, voqeaning asl sababchisi, chiroyli oilaning baxtiga chang solgan, ayolni yo‘ldan urgan begona erkak jazodan chetda qoladi. Hech narsa ko‘rmaganday davralarda nechta ayol bilan “yurishi”ni aytib, ayolning eri va yaqinlari ustidan kulib yuraveradi.

Ko‘pincha begona erkak biror ayolning ko‘ngliga yo‘l topmoqchi bo‘lsa, uning muammolarini muhokama qilib, hamdardlik bildiradi, bu muammolarni hal etish choralarini izlagan bo‘ladi. Keyin ayolning eriga, erining oilasiga nisbatan hurmatini, ishonchini sustlashtirishga ularni kamchiligini ta’kidlash, sekin-sekin yomonlash orqali harakat qiladi...

Agar ayol hushyor bo‘lsa shu joyda munosabatga chek qo‘yadi. Agar sodda bo‘lsa, borgan sari dardlarini eriga emas, bu erkakka ayta boshlaydi. Ana shunda ayol aslida yovuz niyatli bo‘lgan nokasning tuzog‘iga tushadi. Ablah erkak o‘zining qabih, razil niyatiga yetadi. Bir lahzalik nafsni deb, bir oilani bir umrga xonavayron qiladi.

Shunda dunyo larzaga keladi! Ayolning hayoti chilparchin bo‘ladi! Endi uni tiklab bo‘lmaydi. 

Shu bilan bitta oilaga darz ketadi, er-xotinning umri barbod bo‘ladi. Xo‘p, ayol bir pastkashning hiylasiga uchib umrini kuydirdi, lekin kuyov yigitning aybi nimada? U ham hayotga bir marta keladi, chiroyli oila qurib yashayapti, baxtli bo‘lish, farzandlar ulg‘aytirish, ularning rohatini ko‘rish kabi bir olam orzu-niyatlari bor edi. Aybi baxtli oilasiga ilon kirib kelayotganini sezmaganimi? Nega u endi baxtsiz bo‘lishi kerak?

Eng alamlisi, begunoh bolalar yetim qoladi. Endi ularning hayotini hech narsa tuzatolmaydi. Ularning bir umrlik ko‘zyoshi va qarg‘ishiga kim javob beradi? Albatta, pastkash, vijdonsiz, halol va haromni farqiga bormaydigan kimsalar. Hayvonlarda ong yo‘q, o‘z harakatining oqibatini o‘ylamaydi. Demak, ongli bo‘laturib o‘z harakatining oqibatini o‘ylamaydigan, birovning qiziga, xotiniga, keliniga ko‘z olaytirgan nomussiz, oriyatsiz, uyatsiz, diyonatsiz insonlarning ham hayvondan farqi yo‘q. 

2022 yilda respublika bo‘yicha nikohdan ajratishga oid 62 331 ta ish sudlarda ko‘rilgan ekan. Ularning 33 420 tasi bo‘yicha nikoh bekor qilinibdi! Bu dahshat-ku!? Mazkur oilalarning salmoqli qismi buzilishiga xiyonat sabab. Shu buzilgan oilalarda nechta bola tirik yetim qolgan ekan? O‘rtacha ikkitadan deganimizda ham har yili 70 ming bola yetim bo‘lmoqda. Nega har xil hisobotlar yuritiladi-yu yetim qolgan bolalar hisoboti yuritilmaydi? Jamiyatning eng katta fojiasi shu-ku aslida?

Xo‘sh, shu ajrimlarning hammasiga ayollar sababchimi? Yo‘q! Birovning baxtiga chang solgan inson qiyofasidagi panadagi pastkashlar ham sababchi!

Birovning qizi, xotini, keliniga ko‘z olaytirgan, oilasi buzilishiga sababchi bo‘lgan, baxtiga tajovuz qilgan, begunoh bolalarni yetim qilgan razillarga nisbatan qonunchilikda o‘ta qat’iy jazo choralari belgilanishi kerak (qaytar dunyo ekanligi, ularning ham qizlari, singillari, jiyanlari shu ko‘yga tushishi haqiqatga yaqinligi alohida mavzu). Chunki ularning iflosligi jamiyatga juda katta zarar keltiryapti.

Hayotda bunaqa ayanchli holatlarni ko‘raverib, ko‘p oilaviy mojarolarga aralashaverib, juda noxush holatlarga tushyapman. Ayniqsa, telefon, internet ommalashgan keyingi yillarda bu holat keskin ko‘paygani hammani hushyor torttirishi kerak. Hali ham yigitchilik deb, birovning xasmiga ko‘z olaytirishni uddaburonlik deb yurgan gumrohlar bo‘lsa ko‘zini ochsin.

Rahmat Murodillayev, mehnat faxriysi.