OITSning oldini olish: u nima degani?

OITS/OIV infeksiyasining surunkali kechishi, uzil-kesil davolash usuli yo‘qligini inobatga olsak, u tibbiyotning dolzarb muammolaridan biriga aylandi, – deb gap boshladi P.Sa’dinov. – Bu esa o‘z navbatida insoniyat oldida ham katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Hamyurtlarimiz orasida pala-partish hayot kechirib, nosog‘lom turmush kechirishi sababli bu kasallikka chalinayotganlar ko‘paymoqda. Infeksiya aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olish va unga chalinganlarni davolash, kuzatish borasida mamlakatimizda muhim ishlar amalga oshirildi. Prezidentimizning shu yil 25 yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida "2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan Davlat dasturi" qabul qilindi. Uning ijrosiga ko‘ra, kasallikning oldini olish, bemorlarni davolash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari sezilarli darajada o‘zgardi. Markazimizda viloyatdagi barcha xususiy tibbiyot markazlari mutaxassislari, sartaroshxona, go‘zallik saloni va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari xodimlari uchun tashkil etilgan amaliy seminarlarda OIV va bosh­qa gemokontakt infeksiyalari, kasallikning yuqish yo‘llari va muhofaza choralari to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qildi.

– 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda tashkilotlar bilan hamkorlik qanday tashkil etilgan?

Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi, kasb-hunar ta’limi bosh­qarmasi, yoshlar ittifoqi kabi tashkilotlar bilan aholi o‘rtasida OIV infeksiyasi profilaktikasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan tushuntirish ishlariga yangicha yondashilmoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda fohishaxonalar aniqlanib, ularda xizmat ko‘rsatayotgan shaxslar majburiy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, viloyat "Mahalla" jamoat fondining shahar va tuman bo‘limlari ko‘magida yashash joyida ro‘yxatdan o‘tmagan, noqonuniy ijarada turadigan yuzlab fuqarolar, norasmiy jinsiy sherik hamda yollanma shaxslar aniqlanib, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. OITS/OIV kasalligi profilaktikasiga, bemorlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka bag‘ishlangan videoroliklar tayyorlanib, jamoat joylarida, korxona va tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida namoyish etildi. Shuningdek, eslatma va bukletlar tayyorlanib, aeroport, temiryo‘l va avtovokzallarda mehnat migrantlariga tarqatilyapti.

O‘tkazilayotgan tadbirlarning natijalari qanday bo‘lyapti? Bemorlarning umrini uzaytirishda nimalarga e’tibor berilmoqda

Hamkorlikdagi tadbirlarimiz natijasida bugungi kunda viloyatdagi 1806 nafar OIV bilan yashayotgan shaxslar antiretrovirus terapiyasini qabul qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 71 mingdan ziyod homilador ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 19 nafari OIV infeksiyasi yuqtirib olganligi aniqlandi. Shuningdek, infeksiya bilan zararlangan onalardan tug‘ilgan 54 nafar bolaga profilaktika kursi tayinlandi. Ular shifokor nazoratiga olingan. Belgilangan tartib bo‘yicha retrovirusga qarshi kurslarda kasallik rivojlanishining oldi olinadi.

OIV/OITS infeksiyasiga chalingan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida dorilar davlat tomonidan bepul beriladi. Birgina 2018 yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 83 million 459 ming so‘mlik, Global jam­g‘arma mablag‘lari hisobidan esa 109,8 million so‘mlik retrovirusga qarshi dori-darmonlar keltirilib, bemorlar profilaktikasiga ishlatildi. Shuningdek, maxsus xonalar orqali xavfsiz kontrotseptiv vositalari bepul tarqatilmoqda.

OIV infeksiyasi profilaktikasi qat’iy talablarga asoslangan. Ammo ehtiyotsizlik oqibatida ko‘pgina fuqarolar kasallikni yuqtirib olishadi. Bu tartiblarga rioya etmaganlarga qanday choralar ko‘riladi?

Davolash-profilaktika muassasalari shifokorlari xavfsiz in’yeksiya o‘tkazilishini ta’minlash va infeksiyaning shifoxona ichida tarqalishining oldini olishda ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari ham uchrab turadi. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat DSENM bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshirishlarda aniqlangan xatoliklar yuzasidan 109 davolash profilaktika muassasasining ish faoliyati to‘xtatilib, nafaqat bemorlar, balki o‘zlarining ham xavfsizligiga amal qilmagan 384 nafar tibbiyot xodimlariga chora ko‘rilib, 541 nafariga jarimalar qo‘llanildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV suhbatlashdi.