Oktyabr oyida pensiya va nafaqalar qay tartibda berilishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2753-son Farmoniga muvofiq, pensiya va nafaqa pullari har oyning birinchi bank ish kunidan boshlanib, kunlik grafik asosida (dam olish kunlaridan tashqari) mahalla fuqarolar yig‘inlari va fuqarolarning yashash manziliga borgan holda yetkazilmoqda.
Ammo Mehnat kodeksining 131-moddasiga muvofiq 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda 2 va 3 oktyabr - shanba va yakshanba kunlari dam olish kuni hisoblanishi tufayli to‘lovlar muddatida biroz o‘zgarish bo‘ldi.
Xususan, pensiya jamg‘armasi fuqarolar o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishini oldini olish hamda pensiya va nafaqa oluvchilarning ovoragarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilarni ma’lum qildi:
➖ oktyabr oyi uchun beriladigan pensiya va nafaqa to‘lovlari naqd pul shaklida 4 oktyabr sanasidan boshlab amalga oshiriladi hamda belgilangan muddatlargacha to‘lanishi ta’minlanadi;
➖pensiya va nafaqa to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi fuqarolarga mablag‘lar 4-5 oktyabr kunlari ularning bank plastik kartalariga yuklanishi ta’minlanadi.