Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q. Bu gapning mag‘zini qachon chaqamiz, qachon unga amal qilamiz?

“O‘z bilganlaringdan qolmaysizlar. Hozir tushligi bor, joyi issiq, ishchilarning borib-kelishi uchun mashina qo‘yilgan ishni topish qiyin. Maoshi kamroq bo‘lsa nima bo‘pti, ko‘tariladi yaxshi ishlasang. Senlarga aytgandim, “Uzoqni bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi”, deb. Lekin quloq solmadilaring, mana, ishlagan pullaringni ololmay, sarson bo‘lib yuribsizlar”.
Mahalla raisining qishlog‘imizdagi ikki yigitni shunday deb koyiyotgani e’tiborimni tortdi.
- Tinchlikmi, yigitlarni urishyapsiz, aka? - so‘radim salom-alikdan keyin.
- Hozirgi yoshlarga hayronman. Ishlayman desa o‘zimizda ish ko‘p, o‘qiyman desa sharoit bor. Lekin ularning aksariyati haqiqatni o‘zidan izlamaydi. Nega shunday-a?
- Aka, nima bo‘ldi o‘zi?
- Yaqinda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi korxonalaridan birining rahbari mahallamizga keldi. Ishsiz yoshlar bilan uchrashib, yaxshi ishlarni taklif qildi. Ishga olib-borib kelish uchun avtobusi bor, tushligi korxona hisobidan. Maoshi boshlanishiga ikki yarim million so‘m ekan. Keyin ishiga qarab yana bir baravargacha oshirilishini aytdi. Lekin yoshlarning aksariyati ishlashni xohlamadi. Ular orasida shu ikki olifta ham bor edi. “Maoshi kam ekan, Andijonda tovuq fermada oyiga to‘rt million so‘m berarkan” deb vodiyga ketgandi. Uch oy ishladi. Mana, ishlab kelganiga ham ikki oydan oshdi, lekin haligacha oyligini ololmaydi. Yana ish haqini olish uchun Andijonga qatnagani-qatnagan. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deb shuni aytishsa kerak-da...
To‘g‘ri, bugun ba’zi oilalarning iqtisodiy ahvoliga kam maoshli ish to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Balki shuning uchun ham ko‘plab yoshlar xorijga ishlash uchun ketayotgandir. Lekin aksariyat hollarda yoshlarning vatanidan, ota-onasining bag‘ridan uzoqda mo‘may daromad topaman, yaxshi kiyinib, yaxshi mashinada yuraman, deb aldanib qolayotgani mavjud imkoniyatdan vaqtida foydalanmayotganida deb o‘ylayman.
- Ikki yil oldin oilamdagilarning qarshiligiga qaramay, Rossiyaga ishlashga borgandim, - deydi bir tanishim. - Dastlabki uch oyda yo‘l xarajatlari uchun ishladim. Keyin sog‘ligim yomonlashib, bir muddat yotib qoldim. Tuzalgach, davolanishimga ketgan pullarni qaytarishga to‘g‘ri keldi. Uyimga esa pul jo‘natishning imkoni bo‘lmadi. Shunday paytda yaqinlarning yordami asqotar ekan. Oilamdan xabar olib turishdi. Endi ishlarim o‘rniga tushib, oilamga pul jo‘natishni boshlaganimda, tahlikali vaziyat yuzaga keldi va ish to‘xtadi. Keyin narx-navo oshdi, biletlar ham qimmatladi, oylikdan esa darak yo‘q. Xullas, Rossiyaga borib, sog‘ligimni yo‘qotdim, oilamdan, yurtimdan uzoqda sarson bo‘ldim. O‘sha pulni uyimda, ota-onamning, farzandlarimning bag‘rida topsam bo‘lardi.
Hayot insonga bir marta beriladi va hammaning ham munosib yashagisi keladi. “O‘shanda men bunday qilganimda...” deya o‘zingizni qiynashni istamasangiz, oyog‘ingiz ostidagi imkoniyatdan to‘g‘ri foydalaning!
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.